Iyun oyining oxirida O‘zbekiston aholisi ushbu yil bo‘yicha birinchi jazirama havoni boshdan kechirdi. Ob-havo harorati 25 iyundan boshlab maksimal darajada ortib bordi. O‘zgidromet iyul oyida qanday ob-havo kutilayotganini ma’lum qildi.

27−28 iyun kunlari O‘zbekistonning shimoli va cho‘l hududlarda, 29 iyunda hududlarning katta qismida issiq maksimal darajaga yetdi. Ushbu kunlarda termometr ustuni kunning ikkinchi yarimida +40…+42 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +44…+46 darajagacha ko‘tarildi.

Qizilqumning ayrim hududlarida havo harorati +47 darajaga yetib, meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori iyun oyi qiymatlariga yaqinlashdi. Xorazm viloyatida, Qoraqalpog‘istonning, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarining ayrim tumanlarida iyun oyi uchun maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatildi.

30 iyunda respublika hududining katta qismida haroratning biroz pasayishi boshlandi va u 1 iyul kunida ham davom etadi. 2−3 iyul kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida harorat yana +40…+41 darajagacha ko‘tariladi. Janubning eng chekka qismida ushbu kunlarda harorat +42…+45 daraja oralig‘ida barqaror bo‘ladi.

Keyingi kunlarda esa O‘zbekiston aholisini nisbatan salqin havo kutmoqda. 3 iyulda shimoliy hududlarda, 4−5 iyul kunlari barcha hududlar bo‘yicha havo harorati yoz fasli uchun +30…+33 daraja bo‘lgan qulay qiymatlargacha pasayadi, so‘ng bir necha kun davomida +34…+37, janubda +38…+40 daraja atrofida saqlanib turadi.

Iyul oyining ikkinchi va uchinchi dekadasida harorat asosan +35…+38 daraja atrofida bo‘lishi, ayrim kunlari ba’zi joylarda +40…+42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Iyul oyida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam, faqat tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda 2−4 kun qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.