Gongkongdagi The Arch osmono‘par binoda joylashgan O‘zbekistonning birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq pentxaus u 2016 yildan buyon bir necha mamlakatda sud tergovi ostida bo‘lishiga qaramasdan, qayta sotilgan. Bu haqda Kanadaning The Globe and Mail nashri xabar qildi.

Gazetaning yozishicha, 2008 yilda pentxaus Gulnora Karimovaga aloqadorligi aytilayotgan Zeromax kompaniyasiga 36,5 mln dollarga sotilgan. Oradan uch oy o‘tib, kvartira xonanda Rustam Madumarov nazorati ostida Gonkongning Expoline kompaniyasi tomonidan ta’sis etilgan Rudolph Alliance`dan bo‘lgan ofshor kompaniyasiga katta chegirma bilan sotilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 2017 yilda ushbu mulk haqida ma’lum qilgan, o‘shanda u 15 mln dollarga baholangan. Agentlikning qayd etishicha, 12 ta xorijiy davlat hududida uyushgan jinoiy guruhning qariyb 1,4 mlrd dollar, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt sterling va 18,5 mln frank miqdoridagi qonuniylashtirilgan aktivlari ilgari aniqlangan.

Gulnora Karimova 2015 yilda besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, 2019 yilda koloniyaga o‘tkazilgan edi. U 2020 yil mart oyida «davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va O‘zbekiston manfaatlariga zid bo‘lgan bitimlar tuzish, shuningdek, o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini egallab olish» faktlari bo‘yicha yana 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

The Globe and Mail nashrining qayd etishicha, hatto bir qancha mamlakatlarda sudga tortilgani va 2013 yilda Gulnora Karimovaning sheriklari, jumladan Rustam Madumarovning hibsga olinishi ham mablag‘ oqimini to‘xtata olmadi. 2016 yilda The Arch`dagi pentxausga egalik qilgan va Rustam Madumarov nazoratida bo‘lgan kompaniya uni 68,4 mln dollarga sotgan.

Irlandiyaning Olster universiteti professori va O‘zbekistonlik ekspert Kristian Lasslett mazkur kelishuvni «mutlaqo ishonib bo‘lmaydigan» deb atadi va bu «ehtimol, dunyoga mashhur bo‘lgan va adolatli suddan qochgan kleptokratiya ishi» bilan bog‘liq aktivlarga misol ekanini aytdi.

Karimovaning jenevalik advokati Greguar Manja avvalroq Gulnora Karimova Zeromax`ga aloqadorligini har doim qat’iyan rad etib kelganini ta’kidlab, Shveysariya prokuraturasi 2017 yilda uni kompaniya bilan bog‘lashga uringan ishni rad etganiga ishora qilgan edi.