O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi, mamlakatning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, suhbat avvalida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni 65 yillik yubileyi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Shavkat Mirziyoyev «Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini alohida qayd etdi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Savdo-sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tomonlar mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan Afg‘onistonda mustahkam tinchlikni ta’minlashga va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashishdi.