Seshanba kuni AQSh Savdo vazirligi to‘qqiz mamlakatning 36 ta kompaniyasini AQShning xalqaro sanksiyalar qonunlarini buzgani uchun AQSh texnologiyalari va tovarlariga bo‘lgan ruxsat cheklangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi.

Cheklovchi ro‘yxatdan Xitoyda joylashgan 25 ta, shuningdek Rossiya, BAA, Litva, Pokiston, Singapur, Buyuk Britaniya, Vetnam va O‘zbekistondagi kompaniyalar o‘rin olgan.

Cheklovlarga, xususan, O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy korxonasi ham kiritildi. Ushbu kompaniya va Xitoy, Litva, Vetnam va Buyuk Britaniya bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa bir qator korxonalar rus qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishidan keyin kuchga kirgan sanksiyalar rejimini buzgani uchun «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash»da gumon qilinmoqda.

3 mart kuni AQSh Davlat departamenti Rossiya mudofaa sanoati uchun xorijiy mahsulotlar va elektron butlovchi qismlarni xarid qilishga ixtisoslashgan «Radioavtomatika» korxonasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.

Davlat departamenti Promcomplektlogistic`ni «Radioavtomatika» «3 mart kuni ro‘yxatga kiritilganidan keyin AQSh sanksiyalaridan qochishga qaratilgan sa’y-harakatlarida faol qo‘llab-quvvatlagani» uchun ro‘yxatga kiritgan. Xususan, kompaniya rossiyalik hamkoriga mikrosxema kabi elektron komponentlar yetkazib bergani xabar qilinmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston kompaniyasi mol-mulki va mulkiy manfaatlari sanksiyalarga muvofiq blokirovka qilingan yuridik shaxs hisoblanadigan «Radioavtomatik»ga moddiy, homiylik, moliyaviy, texnologik yordam, tovarlar yoki xizmatlar ko‘rsatgani uchun ro‘yxatga tushgan.

«Promcomplektlogistic xususiy kompaniyasiga ushbu maqom berilishi butun dunyo bo‘ylab manfaatdor tijorat tomonlarga ogohlantirish bo‘lib xizmat qilishi kerak: agar siz sanksiyalar ostidagi yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan biznes yuritadigan bo‘lsangiz, sanksiyaga tushib qolishingiz mumkin», — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.

Bundan tashqari, kompaniya bir vaqtning o‘zida Savdo vazirligining yuridik shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan. Qora ro‘yxatdagilarga tovar yoki xizmatlar yetkazib berishni xohlovchi Amerika kompaniyalari Savdo vazirligidan maxsus litsenziya olishlari shart.


Korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Promcomplektlogistic 2018 yil iyul oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan va ustav kapitali 10 mln so‘m deya qayd etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyati quruqlikdagi transport xizmatlaridir. Ta’sischisi va rahbari sifatida Oleg Grabilin ko‘rsatilgan.