«Savdogar» xususiy banki o‘z nomini «Garant bank» etib o‘zgartiradi. Yagona korporativ axborot portali ma’lumotlariga ko‘ra, 17 iyun kuni aksiyadorlar yig‘ilishida qaror qabul qilingan.

Bank rahbariyatiga nomini o‘zgartirish bo‘yicha barcha tashkiliy choralarni ko‘rish topshirildi.

Ushbu kredit muassasasi 1994 yil may oyida savdo tashkilotlariga xizmat ko‘rsatish, ular bilan iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari korxonalari o‘rtasidagi savdo operatsiyalari va hisob-kitoblarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. Keyinchalik bank «Yengilsanoatbank» va «Mevasabzavotbank»ni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Dekabr oyida tadbirkor Rauf Komiljonov «Savdogar» aksiyadorlik jamiyatining nazorat paketini 10 mlrd so‘mga qo‘lga kiritdi, keyin esa bankning yana 45,73 foiz ulushini 71,3 mlrd so‘mga sotib oldi va ulushini 99 foizga oshirdi.

2022 yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha bank 2,2 mlrd so‘m foyda oldi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlarida keltirilishicha, 1 iyun holatiga ko‘ra, bank aktivlari 1 trln 370 mln so‘mdan oshgan. Bankning kredit portfeli 946 mlrd so‘mni tashkil etadi, shundan 106 mlrd so‘mi (11 foizi) muammoli hisoblanadi.