Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida MCHJ rahbari aholiga ajratilgan un mahsulotini boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlandi.

Fuqaro A.A. otasi A. va qarindoshi X.ning nomiga yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilib, amalda o‘zi norasmiy rahbarlikni amalga oshirgan. U imzolarini soxtalashtirish orqali «Bag‘dod donmahsulotlari» AJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalarga asosan davlat resurslari hisobidan ajratilgan umumiy bahosi 420,6 mln so‘mlik 151,4 tonna un mahsulotini qo‘lga kiritgan, deyiladi xabarda.

«Tadbirkor fevral-aprel oylari uchun ajratilgan un mahsulotlarini dislokatsiyada belgilangan 19 ta mahallalarga arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib bermasdan, Marg‘ilon shahri hududida boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani aniqlandi», — deyiladi departament xabarida.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq vodiy viloyatlarida aholiga ajratilgan arzon narxdagi un mahsulotini boshqa shaxslarga sotib yuborgan kimsalar aniqlangandi. Unga ko‘ra, Pop tumanidagi holatda MJCH rahbari 54,9 tonna, Marg‘ilon shahrida holatda esa xususiy korxona mansabdorlari 10,1 tonna un mahsulotini qimmatroq narxda sotib yuborgan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ham aholiga ajratilgan arzon narxdagi 84,5 tonna un mahsulotini belgilangan mahallalarga yetkazib bermasdan, savdo nuqtalari orqali qimmat narxlarda sotib yuborgan shaxs aniqlangandi.