Rossiyaning «Sovkombank» i tomonidan O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan (AUGA) «O‘zagroeksportbank»ning 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha bitim bekor qilindi. Bu haqda «Sovkombank» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Xotimskiy ma’lum qildi, deya xabar beradi «Interfaks».

«Afsuski, bizga, shuningdek, Rossiyaning deyarli barcha tizimli ahamiyatga ega banklariga nisbatan sanksiyalar joriy etilgani sababli, hozirgi sharoitda loyihani amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi. Endi tomonlarning o‘zaro qaroriga ko‘ra bitim bekor qilinish bosqichida. Aytishimiz mumkinki, u amaliy jihatdan bekor qilindi», — dedi u.

Qo‘shma Shtatlar 2022 yil fevral oyi oxirida «Sovkombank»ga nisbatan bloklovchi sanksiyalar kiritdi. Keyinchalik, xuddi shunday qarorlar boshqa bir qator davlatlar tomonidan ham qabul qilindi.

«Gazeta.uz» 24 fevral kuni «Sovkombank» «O‘zagroeksportbank»ning davlat ulushini to‘liq (100%) 4 million dollarga sotib olgani haqida xabar bergandi. Rossiyaning xususiy banki O‘zbekistonning ushbu bankini xususiylashtirish bo‘yicha ochiq tenderda g‘olib chiqdi.