Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ilmga asoslangan urug‘chilik va agrotexnologiyalar hisobiga paxta hosildorligi va hajmini kamida 30 foizga oshirish hamda paxtani chuqur qayta ishlab, soha eksportini kamida 2 baravarga ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

«Bu — iqtisodiyotimiz uchun juda katta imkoniyat va zaxiradir. To‘qimachilik bizga kam xarajat bilan oltindan ham ko‘p daromad keltiradigan soha hisoblanadi. Shuning uchun biz sohada to‘liq klaster tizimini joriy etdik. Bugungi kunda paxta tolasini o‘zimizda 100 foiz qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi, besh yil avval 40 foiz tola qayta ishlangan», — dedi prezident.

O‘zbekistonda bugun tolani qayta ishlash quvvati 1,3 mln tonnaga yetgan. Biroq 1 mln tonna tola ishlab chiqarilmoqda. «Ya’ni, hozirning o‘zida 300 ming tonna tola yetmayapti. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshadi. Shundan 300 ming tonnasi sun’iy tola bo‘lsa, yana kamida 300 ming tonna paxta tolasi zarur. Nima uchun Turkiyaning paxta maydoni bizdan 2 karra kam bo‘lsa-da, tolani deyarli teng hajmda ishlab chiqaradi? Buning asosiy sababi — hali ilmga, zamonaviy texnologiyalarga joylardagi rahbarlarning e’tibori va mas’uliyati past», — dedi davlat rahbari.

Paxtani qayta ishlash

Prezident paxtani qayta ishlash borasidagi ishlar masalasiga ham to‘xtalib, O‘zbekistonda ip-kalavani tayyor mahsulotgacha qayta ishlash darajasi 23 foizni tashkil etishini aytdi. Buning oqibatida yiliga 9 mlrd dollar daromad boy berilayotgani ta’kidlandi.

Agar mutasaddilar tuman hokimlari va klasterlar bilan ishlarni to‘g‘ri tashkil qilsa, to‘qimachilikdagi ish o‘rinlarini hozirgi 400 mingdan bemalol 1 mlnga ko‘paytirish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Olimlarimiz yaratgan 100 sentnergacha hosil beradigan paxta navlari (Buxoro, Ravnaq, Porloq, Sulton) klasterlarga yetkazilmayapti, dehqon va fermerlarimiz qaysi hosildor urug‘larni ekishni va ularni qayerdan olishni bilmayapti», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, g‘o‘zani o‘g‘itlashni o‘zgartirish, gerbitsid va pestitsidlarni ham tartibga solish vaqti-soati kelganini aytdi. Shu bois prezident huzurida innovatsiya vaziri I.Abduraxmonov boshchiligida Paxtachilik kengashi tashkil etilishi belgilandi. Kengash:

  • har yili hosildor va ertapishar navlarni hududlar kesimida ko‘paytirish va ekishni har bir klaster bo‘yicha belgilab beradi;
  • iqlim va harorat o‘zgarishlariga mos bo‘lgan o‘g‘itlash sxemasini ishlab chiqadi, gerbitsid va pestitsidlar qo‘llashni tartibga oladi;
  • keyingi yillarda hashoratlar eng katta muammo bo‘lishini inobatga olib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha har bir hududga mos agrotexnologiyalarni ishlab chiqadi.

Urug‘chilik

Yig‘ilishda yil yakuniga qadar har bir klasterda urug‘chilik, tuproq tahlili va biolaboratoriyalar hamda urug‘ tayyorlash sexlari ishga tushirilishi ta’kidlandi. Davlat-xususiy sheriklik asosida Andijon, Buxoro va Surxondaryoda Paxtachilik instituti va Genomika markazining urug‘chilik va agrotexnologiya korxonalari tashkil qilinishi aytildi.

Shuningdek, har bir klaster yil yakuniga qadar tuproq unumdorligini tahlil qilib, yer maydonlari pasportini ishlab chiqishi va hosildorlikni oshirish choralarini belgilab olishi kerakligi ta’kidlandi. Prezident barcha klasterlar suvni ilm bilan tejab ishlatishi shartligini qayd etdi.

So‘nggi ikki yilda 169 ming gektar paxta maydonlarida tomchilab sug‘orish joriy qilindi. Yil yakuniga qadar 160 ming gektar, kelgusi yilda ham yana shuncha paxta maydonida tomchilatib sug‘orishni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Klasterlar bo‘yicha komissiya

Paxta xom ashyosi va ip-kalavani qayta ishlashni tizimli tashkil etish uchun Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov boshchiligida respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Komissiyaning asosiy vazifasi etib yuqorida aytib o‘tilgan 9 mlrd dollarlik mahsulot ishlab chiqarish rejasini har bir viloyat, tuman va shahar, qolaversa, klaster kesimida belgilash va ijrosini tashkil etish belgilandi.

«Klasterlar paxtadan ip-kalavagacha ishlab chiqarish zanjirini joriy etishga mas’ul bo‘ladi. Agar klasterning o‘zida xohish bo‘lsa, bemalol o‘zi qayta ishlashni to‘liq siklda amalga oshirishi mumkin. Bundan buyon, alohida industrial zonalar tashkil qilinib, ularda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi», — dedi prezident.

Ushbu komissiya elchilar va klasterlar bilan birga bu industrial zonalar boshqaruviga chet el kompaniyalarini jalb qilib, nufuzli brendlarni olib keladi.

«O‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinganidan so‘ng, xorijiy brend va yirik kompaniyalar mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilishga, milliy mahsulotlarimizga katta qiziqish bildirmoqdalar. Lekin, ochiq aytish kerak, to‘qimachilik sanoatini tashqi bozorlarga olib chiqish, brendlar va yirik korxonalarni jalb qilishda elchixonalar ishlamayapti. Misol uchun, bizdagi Turkiya, Xitoy, Germaniya kabi boshqa davlatlar elchilari o‘z mamlakati tadbirkorlarining manfaatini himoya qilish uchun vazir, hokim, hatto korxonagacha borishdan charchamaydi. Lekin, bizning elchilarda bunday tashabbus hali yo‘q», — qayd etdi davlat rahbari.

Prezident tomonidan Ispaniya, Germaniya va Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Turkiya, AQShdagi elchilar bilan birga 50 ta xorijiy brendlarni O‘zbekistonga olib kelish hamda xalqaro ko‘rgazmalarda kamida 30 ta o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mahsulotini olib chiqib, 50 mln dollardan buyurtma olishni ta’minlash topshirildi.

Brendlar uchun imtiyozlar

O‘zbekistonga kirib keluvchi brendlarga bo‘yalgan trikotaj mato va gazlama eksport qiluvchilarga 10 foizgacha miqdorda subsidiya beriladi hamda xorijiy brendlar va ularga tayyor mahsulot yetkazib berayotgan mahalliy korxonalarning buyurtmalariga asosan alohida avia-reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, brendlar uchun zarur bo‘lgan 90 foizi import qilinayotgan furnitura va aksessuarlarni bir oy muddatda ishlab chiqarish dasturini qabul qilinadi. Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlarida yil yakuniga qadar 4 tadan furnitura korxonalarini ishga tushirish topshirildi.

Prezident tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning Aksessuar va furnitura ishlab chiqaruvchilar uyushmasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Prezident eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilishini ta’kidladi.

Jumladan, Eksport agentligi tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga 5 mln dollargacha aylanma mablag‘ uchun resurslar ularning eksport hajmidan kelib chiqib ajratiladi hamda korxonalarning xorijda omborxonalarni ijaraga olish xarajatlarini qoplab berish uchun cheklangan maydon 100 kvadrat metrdan 500 kvadrat metrga oshiriladi.

Eksportyorlar nomiga ochilgan akkreditivlarni kredit ta’minoti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi. Ya’ni, korxona eksport qilgan kundan boshlab o‘z xizmat ko‘rsatuvchi bankidan akkreditivning 80 foizi miqdorida kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Klaster va to‘qimachilik korxonalarining moliyaviy hisobot xalqaro standartlariga o‘tishi qo‘llab-quvvatlanadi. Bundan buyon moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish xarajatlarining 50 foizgacha qismi Moliya vazirligi tomonidan qoplab beriladi.

Yig‘ilishda to‘qimachilik korxonalarini paxta tolasi va ip-kalava bilan uzluksiz ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Ichki bozorda tanqislik tufayli paxta tolasining narxi xalqaro birjalardan yuqori bo‘lib, 1 tonnasi 37 mln so‘mgacha yetmoqda. Oqibatda 22 mingdan ziyod xodim ishlaydigan 59 ta ip-yigiruv korxonasiga oyiga 25 ming tonna tola yetishmaydi.

Shu bois, komissiya nazorati ostida:

  • Nyu-York birjasida paxta tolasi narxi keskin oshsa, tola mahalliy birjaga 10 foiz chegirma bilan qo‘yiladi;
  • klasterlar o‘z ehtiyojidan ortiq tolani oyma-oy majburiy birjaga chiqaradi;
  • barcha ip-kalava korxonalari ishlab chiqargan mahsulotning kamida 30 foizini birja orqali sotadi;
  • birjada sotib olingan ip-kalava uchun to‘lovni bank kafolati orqali 3 oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmi joriy etiladi;
  • qayta ishlash quvvatlariga ega bo‘lmagan klasterlarga imtiyozli kredit 14 oyga beriladi (hozir — 24 oy).

Soliq va bojxona yengilliklari

Hududlar va sanoat tarmoqlarining eksport salohiyatini oshirish uchun bojxona hududida qayta ishlash tizimi yanada soddalashtiriladi. Xususan:

  • to‘qimachilik sanoatida xom ashyoni bojxona hududida qayta ishlashni bojxona to‘lovlari bo‘yicha ta’minotsiz amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • olib kelingan xom ashyodan bojxona hududida qayta ishlab chiqarilgan tovarni «eksport» rejimida olib chiqish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan sovutish uskunasi, yigiruv «bochok"lari kabi tovarlar uchun uch yil muddatga bojxona imtiyozlari taqdim etiladi. Shu bilan birga, eksport kontraktlari bo‘yicha kelib tushmagan mablag‘lar 5 foizdan oshmasa, ular muddati o‘tgan qarzdorlik sifatida hisobga olinmaydi.