O‘zbekiston prezidentining 27 iyundagi qarori bilan OAVlar xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari belgilab berilmoqda.

Unga ko‘ra, OAVlarda kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi.

Bunda, ular xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi hamda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Qolaversa, xorijiy tillar bo‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi.

Ushbu xarajatlar O‘zbekistonning axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oliy organi qarori bilan uning nomi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi etib o‘zgartirilmoqda. Uyushma Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 16-uy manzildagi (Panorama to‘g‘risidagi Milliy matbuot markazi) binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Jurnalistlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi jurnalistlar va davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarning sudgacha hal etilishiga ko‘maklashadi. Qolaversa, uyushma jurnalistlarning professional faoliyatiga taalluqli jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritishda ularning jamoatchilik himoyachilari sifatida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etadi.

2023−2024 yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etiladi. Bu boradagi tegishli xarajatlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Qolaversa, jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida 2022 yil 1 sentabrdan boshlab:

  • oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;
  • ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekistonning faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi;
  • oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi;
  • jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari tashkil etiladi.

Avvalroq, mazkur qaror bilan shu yilning 1 iyulidan 2025 yilning 1 iyuliga qadar OAVlar foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamroq to‘lashi haqida yozgandik. Qolaversa, budjet tashkilotlariga elektron OAVlarga obuna bo‘lishga ruxsat berilmoqda.

Shuningdek, 2023 yildan «Oltin qalam» sohiblarining pul mukofoti oshirilishi, qolaversa, bosh mukofot sohibiga avtomobil berilishi belgilanmoqda. Har chorakda OAVlarda e’lon qilingan eng yaxshi materiallar mualliflari 15 mln so‘mgacha, bolalarga mo‘ljallangan tele va radio mahsulotlar ijodkorlari esa 90 mln so‘mgacha rag‘batlantirilishi nazarda tutilmoqda.