O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi 2022 yil boshidan buyon 1,8 foizga yoki 721,5 mln dollarga kamayib, 1 aprel holatiga ko‘ra 38,8 mlrd dollarni tashkil etdi, deya xabar berdi Markaziy bank o‘z hisobotida.

Jami tashqi qarzga davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (davlat tashqi qarzi) hamda kafolatlanmagan tashqi qarz (xususiy tashqi qarz) kiradi. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, «xususiy» sektorni asosan davlat ulushiga ega bo‘lgan kompaniyalar va banklar ifodalaydi (davlat bank sektori ulushining 80% dan ortig‘iga, shuningdek, neft-gaz, telekommunikatsiya, tog‘-kon va metallurgiya sohalaridagi kompaniyalar yoki ularning ulushiga egalik qiladi).

Bu kamida 2013 yildan beri tashqi qarzning birinchi marta kamayishidir. Markaziy bank buni joriy yilning I choragida jahonda geosiyosiy vaziyat ta’sirida davlat va xususiy sektor tomonidan yangi qarz jalb qilish sekinlashishi va asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlarning amalga oshirilishi tashqi qarz qoldig‘ida aks etgani bilan izohladi.

Xususan, uch oy davomida davlat tashqi qarzining sof kamayishi valyuta kursi va narxlar o‘zgarishini hisobga olgan holda 1,5 foizga yoki 345,4 mln dollarga kamayib, 23,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Sababi — nomoliyaviy korxonalarning davlat tomonidan kafolatlangan kreditlarini to‘lash va hisobot davri oxirida davlat qimmatli qog‘ozlari bozor narxlarining pasayishidir.

Yanvar-mart oylarida xususiy sektor qarzi 2 foizga yoki 376 mln dollarga qisqarib, 15,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu, asosan, bank, neft-gaz va tog‘-metallurgiya sohalaridagi qarzlarning qaytarilishi hamda moliya bozorida qimmatli qog‘ozlar narxining pasayishi bilan bog‘liq.

Birinchi chorak davomida xususiy sektor tomonidan 1,2 mlrd dollar kredit mablag‘lari jalb qilindi. Bu mablag‘ning 389 mln dollari bank sohasiga, 217 mln dollari tog‘-kon sanoatiga, 171 mln dollari neft-gaz va energetika sohasiga, 455 mln dollari esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga yo‘naltirildi.

Banklar kamroq qarz olishni boshladilar — o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qarz olish hajmi 518 mln dollarga kamaydi. Boshqa tarmoqlarda esa o‘sish kuzatilmoqda.

Hukumat tomonidan 281 mln dollar jalb qilindi, bu o‘tgan yilga nisbatan 68 mln dollarga kam.

Uch oy ichida davlat 252 mln dollarlik asosiy qarzni va ular bo‘yicha 127 mln dollar foizlarni to‘ladi. Xususiy sektor kreditorlarga mos ravishda 1 mlrd va 110 mln dollar to‘lagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida tashqi qarzlarsiz Toshkentda yangi metro liniyalarini qurish yoki tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilarning oylik maoshlarini oshirish mumkin emasligini aytgan edi.