Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari juma kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini bir ovozdan konseptual tarzda ma’qulladi va birinchi o‘qishda qabul qildi. Yig‘ilish jonli efirda namoyish etildi.

Zaruriy uchdan ikki qism ovozga ega (131 nafar) deputatlar qonun loyihasini bir ovozdan «ma’qullab», o‘z munosabatini bildirishdi.

Ovoz berish ochiq tarzda o‘tdi. Uning oldida esa quyi palata Spikeri Nurdinjon Ismoilov deputatlardan ovoz berish ochiq bo‘lishi uchun ham ovoz berishni so‘radi. Bunda 129 nafar deputat «tarafdor"ligini, 1 nafari «betaraf"ligi va yana 1 nafarni ovoz bermasdan o‘z munosabatini bildirgan.

Spiker Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatini davom ettirishini, fuqarolar va tashkilotlardan tushgan takliflarni umumlashtirib, Qonunchilik palatasiga kiritishini ta’kidladi.

Ayni paytda qonun loyihasi matnida Bosh qonunning 66 moddasiga 170 dan ortiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.


Qonunni qabul qilish yuzasidan loyiha ovozga qo‘yilishi oldidan Konstitutsiyaviy komissiya rahbari, quyi palata Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov so‘zga chiqdi.

Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilganidan buyon bor-yo‘g‘i bir oy ichida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalar ekan, u «Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonning noyob tajribasi haqida gapirish mumkin», dedi. U o‘z nutqida «o‘zbekcha nou-xau» iborasini ham ishlatdi.

Akmal Saidov islohot g‘oyasi butun O‘zbekiston xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va uni zamon talablari taqozo etganini ta’kidladi. Uning aytishicha, komissiyaga 60 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan, bu amaldagi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqish davridagidan 10 barobarga ko‘pdir. Spikerning birinchi o‘rinbosari buni shu jumladan, komissiya ishining ochiqligi, axborot texnologiyalari taqdim etayotgan imkoniyatlar bilan bog‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif yuborgan 50 mingdan ortiq fuqarolar allaqachon minnatdorchilik maktublarini qabul qilib olishgan.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. U hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Deputatlar hujjatni birinchi o‘qishda qabul qilib, uni yagona holatda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga birlashtirishga kelishib oldilar.

Spiker Nurdinjon Ismoilovning ma’lum qilishicha, ertaga — 25 iyunda — o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasi umumxalq muhokamasi uchun «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarida, shuningdek, «Mening Konstitutsiyam» platformasida e’lon qilinadi. Muhokama 4 iyulgacha (shu kuni ham) davom etadi, shundan so‘ng qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.