O‘zbekistonda koronavirus omikron-shtammining Stealth-Omicron BA.2 subvarianti ro‘yxatga olindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

So‘nggi bir hafta davomida kasallanish dinamikasining biroz ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Jumladan, joriy yilning 17 iyun kunida 90 ta, 18 iyun kuni 108 ta, 19 iyun kuni 93 ta, 20 iyun kuni 87 ta, 21 iyun kuni 82 ta, 22 iyun kuni 98ta kasallik qayd etildi.

Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan bemorlar yoshma-yosh tahlil qilinganda, koronavirusga chalinganlar orasida:

  • 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha 3−4 foizni;
  • 15−19 yoshdagilar 2−3 foizni;
  • 20−29 yoshdagilar 24−25 foizni;
  • 30−39 yoshdagilar 16−17 foizni;
  • 40−49 yoshdagilar 14−15 foizni;
  • 50−59 yoshdagilar 9−10 foizni;
  • 60 yosh va undan kattalar 16−17 foizni tashkil etmoqda.

Kasallik manbai surishtirilganda 35−40 foiz holatda oiladan, 15−20 foiz holatda bemor ko‘shnilari yoki qarindoshlaridan, 7−8 foiz holatda jamoat joylarida, 5−8 foiz holatda ish joyida yuqtirib olingani aniqlangan.

JSST tomonidan dunyo mamlakatlarida omikron shtammining Stealth-Omicron BA.2 varianti ustuvor shtammga aylangani ta’kidlanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining viruslar evolyutsiyasi bo‘yicha ishchi guruhi (TAG-VE) yangi «qahramon»ni «xavotir uyg‘otuvchi» (VOC) deb atadi.

«Respublikamizda ham ushbu shtamm aniqlanib, xozirgi kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishda ushbu shtammning uchrayotgani kuzatilmoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilg‘or texnologiyalar markazida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda 67 foizida „Omicron“ va 33 foizida „Omicron“ shtammining yangi mutatsiyadagi „Stealth-Omicron“ BA.2 varianti topilgan», — deya ma’lum qildi Bahodir Yusupaliyev.

SES rahbari bugungi kunda mamlakatda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha vaziyat barqarorligi ta’minlanib kelinayotgani, lekin o‘tgan ikki yil davomida aynan iyul-avgust oylarida kasallanish ko‘tarilganligi qayd etilganini bildirdi.

«Shuning uchun koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash va buster dozasi bilan qayta emlash ishlarini jadallashtirish katta ahamiyatga ega», — dedi u.

Ayni kungacha, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashda qo‘llanilgan jami vaksinalar soni 57,7 million dozadan oshdi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 20 million 550 ming 541 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 16 million 856 ming 230 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 20 million 355 ming 55 nafarni tashkil qildi.

12−18 yoshdagi emlanuvchilar uchun jami 1 million 587 ming 480 doza vaksinadan foydalanildi. Ulardan birinchi bosqich emlanganlar 863 ming 351 nafarni, ikkinchi bosqichda emlanganlar 675 ming 766 nafarni, uchinchi bosqich va buster doza bilan emlanganlar 48 ming 363 nafarni tashkil qilmoqda, dedi ma’lum qildi Bahodir Yusupaliyev.

«Stealth (inglizcha yashirin, ko‘rinmas) nomi subvariantga genetik tuzilishning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda berilgan: uni boshqa shtammlardan, masalan, PSR testlarini o‘tkazishda „delta“ dan ajratish qiyin. Tahlil qilishda omikron variantini ajratib olishga yordam beradigan ba’zi mutatsiyalar mavjud emas. Shu bois, ayrim tadqiqotchilarning fikricha, „stels omikron“ BA.1 shtammi bilan deyarli bir vaqtda tarqala boshlashi mumkin edi, biroq unga kamroq e’tibor qaratildi», deb yozadi RBK.

JSSTning 22 fevral kuni e’lon qilingan bayonotiga ko‘ra, yangi subvariant «original» BA.1 dan 1,5 barobar tezroq yuqmoqda. Shu bilan birga, o‘tgan yil oxirida kashf etilgan omikron shtammi allaqachon koronavirusning eng yuquvchan varianti hisoblangan edi. BA.2 pastki qatorida topilgan ko‘pgina mutatsiyalar BA.1 variantiga mos keladi. Biroq stels-variantda koronavirus qobig‘i oqsili bo‘lgan spayk-proteinning uning yuqori yuquvchanligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sakkizta noyob mutatsiyasiga egalik qiladi.