Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institutda O‘zbekistonda qurilish tashkilotlari tomonidan eng ko‘p qo‘llaniladigan soliq to‘lashdan qochish sxemalari muhokama qilindi, deya xabar berdi DSQ matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2019−2022 yillarda tovar aylanma va bajarilgan ishlar hajmi o‘rtacha yildan yilga 15−20 foizga ortdi. Biroq soha bo‘yicha o‘rtacha xarajatlar rentabelligi 2021 yildagi 10 foizdan 2022 yilda 3,1 foizga tushdi.

Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan 20 303 ta korxonaning 5 mingga yaqinida (24%) hujjatlariga muvofiq, rentabellik 0 foizdan past, 12 mingdan ortig‘ida (60%) 0 foizdan 1 foizgacha va 904 (4%) kompaniyada 1 foizdan 3 foizgacha rentabellik qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, Qurilish vazirligi o‘tgan yil boshidan buyon qurilish va pudratchi tashkilotlarga reyting baho berib, ularga AAA (ishonchlilikning eng yuqori darajasi) dan D (past daraja-3) gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha ishonchlilik toifalarini belgilab kelmoqda. Baholash mezonlari tashkilotning muhandislik-texnik xodimlarining sonini ham o‘z ichiga oladi.

23 iyun holatiga ko‘ra, reytingda ishtirok etgan 16 703 ta tashkilotning birortasiga AAA va AA toifalari berilmagan, A toifasi esa faqat bitta tashkilotda bor. Tashkilotlar sonining asosiy qismini «CCC» (qoniqarli daraja-1) — 3470 ta korxona, «CC» (qoniqarli daraja-2) — 3747 ta korxona, «C» (qoniqarli daraja-3) — 2740 ta korxona tashkil etadi. Shuningdek, yana 1837 ta kompaniyaga «DDD» (pastki daraja-1) berilgan.

Fiskal institut tomonidan qurilish kompaniyalari amaliyotida quyidagi holatlar qayd etildi:

  • turar joy obyektlarini o‘rtacha bozor narxidan keskin darajada past narxda realizatsiya qilish (qurilish korxonalarining biri Uchtepa tumanida qurilgan yangi ko‘pqavatli turar joy majmuasidan 26 ta kvartirani o‘rtacha 1,8 mln so‘mdan sotgan);
  • hisobotlarda xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali faoliyatini zarar bilan yakunlash natijasida foyda solig‘ini to‘lamaslik (masalan, soliq to‘lovchi 2022 yil 1-chorakda 16 mlrd so‘m realizatsiya amalga oshirgan bo‘lsa-da, faoliyat 8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan);
  • jismoniy shaxlar tomonidan qurilish korxonalari ustav jamg‘armasiga yirik miqdorda pul mablag‘lari, bino va inshootlar, qurilish mollari (manbasi ko‘rsatilmagan holda) kiritish va realizatsiya qilinishi (Misol uchun, 2 ta ta’sischi jismoniy shaxslar tomonidan ustav kapitali 2021 yil boshidan bugungi kunga qadar 121 mlrd so‘mga to‘ldirilgan. Ta’sischilarning soliq organlaridagi ma’lumotlariga asosan yillik rasmiy daromadi 3,4 mln so‘mni tashkil etgan);
  • bajarilgan ishlar hajmini EHF rasmiylashtirmaslik orqali yashirish (misol uchun, soliq to‘lovchining hisob raqamiga bajarilgan ishlar uchun 78 mlrd so‘m mablag‘lar kelib tushgan bo‘lsa-da, soliq hisobotlarida 15 mlrd so‘m aylanma aks ettirilgan).

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Davlat soliq qo‘mitasi mazkur muammolarni hal qilishda, soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etilishi, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning afzalliklarini soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikda muhokama qilish orqali ijobiy natijalarga erishishni maqsad qilganini ma’lum qildi.