Adliya vazirligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda 21 iyun kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekistonda tartibga solish siyosati masalalarini muhokama qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov barqaror rivojlanishga erishish uchun iqtisodiyotni boshqarishning asosiy vositasi sifatida soliq va pul-kredit siyosati bilan birga tartibga solish siyosati e’tirof etilishini ta’kidladi. «Jamiyat uchun uning xavfsizligi va sog‘lom turmush tarzini himoya qiluvchi qoidalarning sifati va samaradorligi ta’minlab berilmasa, biznes yuritishda to‘siqlar yaratilishiga olib kelishi mumkinligi», — dedi u.

«Biz huquqshunoslar har bir hujjat qabul qilinishida uni nimaga olib kelishini o‘ylaylik. Oqibati qanday bo‘ladi biznes subyektlariga nisbatan qanday og‘irlik yoki yengillik olib keladi? Qanday prognoz qilamiz? Qanday uslubiyotlar bor? Qabul qilingan qarorlar kichik oilaga emas, butun xalqqa, beznes subyektlarga ta’sir qilib ketayapti», — dedi vazir.

Adliya vazirligi rahbari ma’muriy yukni diqqat bilan nazorat qilish zarurligini ta’kidladi.

«Jamiyat uchun uning xavfsizligi va sog‘lom turmush tarzini himoya qiluvchi qoidalar albatta zarur, biroq, ularning sifati va samaradorligini ta’minlab berolmasak, aksincha iqtisodiy rivojlanish yo‘lida, ya’ni biznes yuritishda to‘siqlar yaratilishiga olib kelishi mumkinligi haqida gapirib «Biz ma’muriy yukni juda qattiq nazorat qilishimiz kerak, chunki biznes huquqiy hujjatlarni ichida bo‘kib qolmaslik kerak», — dedi u.

Ruslanbek Davletov sohada tartibga soluvchi hujjatlarga hech qanday o‘zgartirishlar kiritilmagan umumiy ovqatlanish sohasini misol qilib keltirdi.

«SESning sanitariya va gigiyena qoidalari eski tartibda turibdi. Eski qoidalar SSSR vaqtidan beri qolib ketgan. Ularni bajarib bo‘lmaydi, xattoki [tadbirkorlar] ularni tushunmaydi. Yakunda nima sodir bo‘lmoqda? Tekshiruvchi keladi va korrupsiya holati yuzaga keladi. Chorasiz vaziyat, lekin har ikki tomon bundan manfaatdor… Hatto pichoqlar uchun ham talablar mavjud. Ularning soni falon shakldagi 12 ta bo‘lishi kerak. Bu imkonsiz talablar», — deya ta’kidladi u.

Adliya vaziri videokameralar o‘rnatilishi bilan bog‘liq yana bir misolni keltirdi. Unga ko‘ra, vazirlik yangi kameralar o‘rnatishni tartibga solish g‘oyasining oqibatlarini tahlil qilgan.

«Qanday kamera? Qayerga o‘rnatish kerak? Bunga qancha vaqt va mablag‘ ketadi? Bu talablarning ijrosi biznes subyektlarining qo‘lidan keladimi yo‘qmi? kabi savollar ortidan katta kompleks masalalar chiqdi. Buning natijasida xulosa qildikki, bu qarorni qabul qilmaydigan bo‘ldik. Bu biz qo‘ygan maqsadga erashadigan mexanizm emas ekan», — dedi u.


Foto: Adliya vazirligi.

Ruslanbek Davletov, shuningdek, Adliya vazirligi o‘tgan yildan beri qo‘llanayotgan tartibga solish ta’sirini baholash tizimi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu amaliyot tufayli har yili biznes xarajatlarini o‘rtacha 500 mlrd so‘mga oshirishi mumkin bo‘lgan va shu bilan birga hech qanday samara bermayotgan qarorlar qabul qilinishining oldini olishga erishilgan.

«Bugungi kunda boshqa davlatlarda qanday qonunlar qabul qilinmoqda? Birinchidan, ochiqlik, ya’ni odamlar regulyator ularni qanday boshqarishni rejalashtirayotganini, ularga qanday majburiyatlarni yuklamoqchi ekanligini bilishi va ko‘rishi kerak… Masalan, soliq to‘lash bo‘yicha ham ancha savollar tug‘iladi. Tadbirkorlarga innovatsiyalar haqida ma’lumot beriladi, deylik, shundan so‘ng, nazorat jarayonida turli masalalar paydo bo‘ladi. Shu bois bu yerda muloqot ochiqlik, oshkoralik, har bir harakatni to‘g‘ri tushuntirish, loyihalar [hujjatlar] darajasida hamkorlikda maslahatlashish — birinchi darajali [vazifa]», — dedi u.

Vazir qonun ijodkorligining ikkinchi muhim yo‘nalishi sifatida (big data) yirik hajmdagi axborotlarni qayd etdi. «[Bu yo‘nalishdagi ishlar] ortda qolmoqda. Shuning uchun raqamlashtirish zarur. Statistikani o‘tirib, qo‘lda tahlil qilish kerak bo‘lgan zamon o‘tdi», — dedi Ruslanbek Davletov.

«Odamlar va korxonalar bizdan kutayotgan uchinchi narsa bu — dalillarga asoslangan qaror qabul qilish. Buning uchun bizning tartibga solish siyosatimiz doimo dalillar tahliliga asoslanishi kerak», — dedi u.

Dalillarga asoslangan qonunchilik — qonun chiqaruvchilarni mavjud bo‘lgan eng yaxshi ilmiy dalillar va tizimli ravishda to‘plangan ma’lumotlardan, agar mavjud bo‘lsa, ularni shakllantirish va qonun yozish uchun asos sifatida foydalanishga chaqiruvchi qonunchilik tushunchasi.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda qabul qilingan qonunlarga tez-tez o‘zgartirishlar kiritilishi qonunchilik barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi. Xususan, 2018 yilda qabul qilingan 1545 ta yaxlit hujjatlarning 73 foiziga bugungi kunda o‘zgartirishlar kiritilgan yoki ushbu hujjatlarning 30 foiziga, jumladan, tadbirkorlikka oid hujjatlarning 80 foiziga bir yil ichida o‘zgartirishlar kiritilgan.

«Agar qonunchilikda barqarorlik bo‘lmasa, agar ular prognoz qila olmasa, bu investitsiyalar hajmiga ham, odamlarning harakatlariga ham ta’sir qiladi. Shunday ekan, barqarorlikni ta’minlash uchun to‘g‘ri, chuqur o‘ylangan va dalillarga asoslangan qonunlarni qabul qilish zarur», — dedi u.

Bu tartibga solish siyosati bo‘yicha ikkinchi konferensiya bo‘lib, unda O‘zbekiston parlamenti va hukumati, ilmiy-tadqiqot muassasalari va jamoat tashkilotlari, shuningdek, Jacobs, Corvodva & Associates tashkiloti rahbarlari ham ishtirok etdi. Qolaversa, Qirg‘iziston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston hukumatlari onlayn qatnashdi.

«Bugungi konferensiyaning ahamiyati shundaki, barcha vazirliklar norma ijodkorligida shakllangan «madaniyat»ni o‘zgartirishi zarur. Afsuski, bu yo‘nalishda hali qiladigan ishlarimiz ko‘p… O‘zbekistonda yaxshi qonunlar qabul qilinishi odat tusiga kirishi kerak. Odamlar qabul qiladigan, ertaga ijrosi ta’minlanadigan qonunlar qabul qilinishi kerak», — dedi adliya vaziri.

2019 yil dekabr oyida Ruslanbek Davletov hali kuchga kirmagan hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish holatlarini ko‘rsatib, yangi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishga moratoriy joriy qilishni taklif qilgandi.