21 iyun kuni Jeneva shahrida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tadbirda JSTga a’zo davlatlarning 60 dan ortiq delegatsiyalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqan barcha 25 a’zo-davlat, jumladan, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Rossiya, Turkiya, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqalar bir ovozdan O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.

Davlatlar vakillari O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimiga to‘liq integratsiyalashuviga imkon yaratishini, barcha a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga turtki berishini hamda global darajadagi xalqaro iqtisodiy munosabatlarning huquqiy tizimi kengayish jarayonini faollashtirishini ta’kidladilar, deya ma’lum qildi ITSV.

Tadbirda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida, shu jumladan kengaytirilgan hujjatlar to‘plamini tayyorlash va mamlakat bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar olib borish doirasida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya tomonidan amalga oshirilgan sa’y-harakatlarning natijalariga ijobiy baho berildi.

Ishchi guruh yig‘ilishining ochilishida JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya raisi — bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov so‘zga chiqib, mamlakat tashqi iqtisodiy siyosatidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining muhimligi va mutlaq ustuvorligini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonini faol ilgari surish va yaqin kelajakda tashkilotga a’zo barcha manfaatdor davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash bo‘yicha qarori qat’iy ekanligini tasdiqladi.

Tadbir kun tartibiga ko‘ra, ishchi guruh O‘zbekiston tashqi savdo rejimi bo‘yicha taqdim etilgan hujjatlar, jumladan, Faktologik xulosa, JSTga a’zo-davlatlar savollariga javoblar, iqtisodiy siyosat bo‘yicha ma’lumot, davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, bojxona-tarif siyosati, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, sanoat subsidiyalarining muhokamasiga kirishdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Jenevada AQSh, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Braziliya, Shveysariya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Mo‘g‘uliston va boshqa JSTga a’zo yirik davlatlar — O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhi a’zolari bilan tovar va xizmatlar bozoriga chiqish yuzasidan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ishchi guruhning to‘rtinchi yig‘ilishi deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020 yilning iyul oyida onlayn tarzda o‘tkazilgandi.

Sardor Umurzakov 12 iyun kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan Jahon savdo tashkilotining o‘n ikkinchi vazirlar konferensiyasida so‘zga chiqib, pandemiyaning salbiy oqibatlari tufayli tashkilotga a’zo bo‘lish jarayoni murakkablashganini ta’kidlagandi. U JSTga a’zo mamlakatlarni yanada moslashuvchan bo‘lishga chaqirib, O‘zbekiston a’zolik jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekanligiga ishontirdi.