O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda vayronkor zilzila sodir bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirilgan bayonotini e’lon qildi.

«Afg‘onistonning Paktika va Xost provinsiyalarida ro‘y bergan zilziza oqibatida ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lgani va jarohatlangani, shuningdek, jiddiy vayrongarchiliklar kelib chiqqani haqidagi xabarlar O‘zbekistonda chuqur qayg‘u bilan qabul qilindi», — deyiladi bayonotda.

«O‘zbekiston hukumati tabiiy ofatning fojiali oqibatlarini imkon qadar tez bartaraf etishda birodar Afg‘onistoniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor», — deya qo‘shimcha qildi TIV.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda chorshanbaga o‘tar tunda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni ming nafardan oshgani xabar qilingan edi. Bosh vazir jabr ko‘rgan oilalar uchun 1 mlrd afg‘oniy ($11,1 mln) ajratdi. Mudofaa vazirligi voqea joyiga 7 ta vertolyot va tibbiy brigadasini jo‘natdi.