«Novaya Gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratovga tegishli bo‘lgan Nobel mukofoti AQShda o‘tkazilgan kimoshdi savdolarida 103,5 mln dollarga sotildi. Bu haqda auksion tashkilotchisi Heritage Auction xabar berdi.

Boshlang‘ich narxi 700 ming dollarlik lot bir necha daqiqada 16,6 mln dollarga ko‘tarildi. Shundan so‘ng, auksion tashkilotchisi narxni 103,5 mln dollargacha ko‘tarishni taklif qildi va xaridorlardan biri bunga rozi bo‘ldi.

Mablag‘lar ukrainalik qochqinlar va bolalarning oilalariga yordam berish maqsadida YUNISEFga beriladi.

«Biz bugun qo‘lga kiritgan barcha pullarni Ukrainadan qochqinlar va ularning farzandlari bor bo‘lgan — Polsha, Rossiya, Germaniya, Moldova, Sloveniya Vengriya mamlakatlariga mablag‘lar yetib borishiga va’da bergan YUNISEFga o‘tkazib beramiz», — dedi Muratov auksiondagi nutqida.

«Novaya Gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov 2021 yilning oktabrida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgandi. O‘shanda Nobel qo‘mitasi uning demokratiya va tinchlikning asosiy sharti bo‘lmish so‘z erkinligini himoya qilishdagi sa’y-harakatlarini e’tirof etgandi.