Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda gumonlanuvchi shaxslarning huquqlarini Asosiy qonunda aks ettirish bo‘yicha taklif berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Tahlillar huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada, gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi», — dedi davlat rahbari.

Ushbu holatlarni oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarida aks etgan «Miranda qoidasi»ni qo‘llash lozimligi aytildi. «Ya’ni, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati keldi, deb o‘ylayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Bundan tashqari, „Xabeas korpus“ institutini rivojlantirish zarur. Ya’ni, shaxs sudning qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas», — dedi u.

Prezident shuningdek, sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani Konstitutsiyada aks ettirishni taklif etdi.

Davlat rahbari yaqin qarindoshlari sudlangan fuqarolarni ishga qabul qilmaslik yoki yuqori lavozimlarga tayinlamaslik bilan bog‘liq masalaga ham to‘xtaldi.

«Nima sababdan bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi kerak? Otasining qilmishi uchun nega farzandlari yoki aka uchun uka javob berishi lozim?», — deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev. «Bunday adolatsiz «tizim»dan endi butunlay voz kechamiz», — dedi u.

Prezident shuningdek, Konstitutsiyaga «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas», degan normani qat’iy yozib qo‘yishni taklif etdi. «„Ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslarga nisbatan insoniy munosabat va ularning qadr-qimmati ta’minlanishi shart“, degan norma ham Asosiy qonunimizda o‘z aksini topishi zarur», — dedi davlat rahbari.

Ta’kidlash joizki, ushbu tamoyillar O‘zbekiston qonunchiligida aks ettirilgan. Xususan, 2020 yil 15 maydan boshlab huquqni muhofaza qilish organlari (JPK 224 moddasi):

  • o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;
  • gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma’lum qilishi;
  • ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;
  • ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;
  • ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Ushbu protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart. Protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Bundan tashqari, JPK 226 moddasiga ko‘ra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e’tiboran ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Miranda qoidasi (ingl. Miranda warning) — ushlash jarayonida ushlanuvchi o‘zining huquqlari haqida ogohlantirilishi, uni ushlayotgan huquqni muhofaza qilish xodimi esa u aytilayotganlarni tushunayotganligi haqidagi savolga ijobiy javobni olishi kerakligi haqidagi AQShdagi yuridik talab. Huquqlarning qaysi so‘zlar bilan tushuntirilishi huquqni muhofaza qilish organlari vakolatli xodimlari o‘z ixtiyorida bo‘ladi. Eng ommalashgan formulirovka quyidagicha hisoblanadi:

«Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytgan har qanday narsa sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin. So‘roq jarayonida sizning advokatingiz ishtirok etishi mumkin. Agar siz advokat xizmati uchun pul to‘lay olmasangiz, u sizga davlat tomonidan taqdim etiladi. Siz o‘z huquqlaringizni tushundingizmi?»

«Xabeas korpus» (lot. habeas corpus) — shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bog‘liq ingliz jinoiy-protsessual huquqiy instituti; u shuningdek anglosakson huquq oilasidagi boshqa davlatlar huquqiy tizimiga ham kiradi.