O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar referendum yo‘li bilan qabul qilishni taklif qildi. U bu haqda dushanba kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi.

«Albatta, xalqimizdan Komissiyaga kelib tushgan barcha muhim va dolzarb takliflarni bugun Sizlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniyatiga ega emasmiz. Men ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdim, xolos. Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan ishlab chiqilgan loyihani umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishni hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etaman», — dedi u.

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga egaligi ta’kidlandi.

«Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi, deb o‘ylayman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning fikricha, bu «Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalqdir» degan tamoyilga to‘la mos keladi.

«Shunda har bir vatandoshimiz „Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi — mening Konstitutsiyam“ deb yuksak g‘urur bilan ayta oladi», — dedi u.

Prezident xalqga murojaat qildi: «Aziz yurtdoshlar, bugun notinch dunyoda, o‘ta tahlikali zamonda yashayapmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida g‘oyat mas’uliyatli davrni boshdan kechirmoqdamiz. Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan barcha islohotlarimiz har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta’minlashga qaratilgan. Har bir yurtdoshimiz o‘z hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururini ulug‘lab, Vatani va xalqiga tog‘dek tayanch bo‘lib yashashga qodir, erkin va azmu shijoatli insonlardir».

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bois ham barcha Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkur, qalbdan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatni bildirishi lozim.

«Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz — bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri», — dedi davlat rahbari.

«O‘ylaymanki, Konstitutsiyaga kiritiladigan barcha tuzatish va qo‘shimchalar mamlakatimizning 14 ta hududiy birligidan iborat yagona davlatni, millati va elatidan qat’i nazar, yagona va qudratli O‘zbekiston xalqini yanada jipslashtiradi hamda ulug‘vor maqsadlar sari safarbar etadi. Shu bois barcha aziz vatandoshlarimizni konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqiraman», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, bu jarayondagi ishtirok bilan fuqarolar oilasi, farzandlari mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

«Qadrli vatandoshlarim! Sizlarni ishontirib aytmoqchiman, davlatimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamiz moddalarini hayotda to‘la qaror toptirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etadi. Bu yangiliklar aniq qonun va kodekslar, amaliy dasturlar va rejalar bilan hayotimizda albatta o‘z aksini topadi», — dedi prezident.

Har bir konstitutsiyaviy norma ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rilishi qo‘shimcha qilindi.