Fuqarolar qonunchilikka oid takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi Konstitutsiya bilan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin. Bu taklif prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirildi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Fuqarolarning davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida qonunchilik tashabbusi huquqi institutini isloh qilishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman», — dedi u.

Davlat rahbari Konstitutsiyaga qonunchilik takliflarini kiritish institutini joriy etishni taklif qildi.

«Mazkur institut doirasida 100 ming kishidan kam bo‘lmagan miqdordagi fuqarolar o‘z qonunchilik takliflarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu asosda [taklif ma’qullansa] endi xalq bevosita qonun ijodkori sifatida tashabbus ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident mazkur yangi qonunchilik takliflarini kiritish institutini Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasiga ham berish vaqti keldi, deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijro hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy javobgarlik sohalarini, vakolatlarini kengaytirish bilan birga ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish ham talab etiladi. «Shu ma’noda, Hukumat vakolatlarini kengaytirishni taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dushanba kuni shuningdek, O‘zbekiston prezidenti hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash vaqti kelganini ma’lum qildi.