Ichki ishlar vazirligi muxlislarni bugun, 15 iyun kuni soat 21:00 da 23 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston hamda Yaponiya yoshlar terma jamoalari o‘rtasida Osiyo kubogi yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan «Milliy» (sobiq «Bunyodkor») stadioniga bormaslikka chaqirdi.

Vazirlikning eslatishicha, Osiyo futbol konfederatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi qarori bilan milliy terma jamoa o‘yinni tomoshabinlarsiz o‘tkazadi, u yerga faqat 500 nafarga yaqin yaponiyalik muxlislar tashrif buyurishi mumkin.

«Shu munosabat bilan hamyurtlarimiz o‘z oilalari bilan birga televizor orqali futbol o‘yinini tomosha qilishlari, stadionga kelmasliklari tavsiya etiladi», — deyiladi xabarda.


Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB Chilonzor tumanidagi «Milliy» stadioni yaqinida yo‘l qismi ta’mirlanayotgani haqida xabar berdi.

Shu munosabat bilan 15 iyun kuni soat 17:00 dan 24:00 ga qadar ko‘chalarning quyidagi qismlari harakatlanish uchun yopiladi:

  • Muqimiy va Chilonzor ko‘chalari chorrahasidan Chilonzor ko‘chalari va Kichik halqa yo‘li chorrahasigacha;
  • Muqimiy va Arnasoy ko‘chalari chorrahasidan Cho‘ponota va Arnasoy ko‘chalari chorrahasigacha;
  • ikkinchi darajali Bunyodkor ko‘chasidan Cho‘ponota ko‘chasigacha.