Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Davlat ko‘chmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibini tasdiqlash haqida»gi hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Unga ko‘ra, maydoni 2000 kv. metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulki obyektlari hokim yordamchilari onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi.

Bunda onlayn-buyurtmanoma hokim yordamchilari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Davlat mulki» axborot tizimi orqali yuboriladi.

Hokim yordamchilari onlayn-buyurtmanomalariga asosan davlat ko‘chmas mulk obyektlari muvofiq sxema bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi. Davlat ko‘chmas mulki obyektlarini sotish shartlari, agar prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi qarorlarida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, sotuvchi tomonidan belgilanadi.

Hokim yordamchisi o‘zi biriktirilgan mahallada aniqlangan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyektini sotish uchun axborot tizimi orqali onlayn-buyurtmanoma beradi.

Hokim yordamchisining onlayn-buyurtmanomasida bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar ilova qilinadi:

  • obyektning to‘liq manzili;
  • foto suratlari va aniq geopozitsiyasi;
  • obyektni kelgusida sotish bo‘yicha taklifi.

Shuningdek, buyurtma hokim yordamchisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.

Axborot tizimiga onlayn-buyurtmanoma kelib tushgandan so‘ng Agentlikning hududiy boshqarmalari tomonidan 3 ish kuni davomida:

  • ko‘chmas mulk obyektining bo‘sh turganligi;
  • kadastr hujjatlariga muvofiq obyektning umumiy yer maydoni va bino-inshootlar egallagan maydoni hamda balansda saqlovchi;
  • bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyektining ijtimoiy soha obyekti toifasiga kirishi yoki kirmasligi;
  • bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyektining O‘zbekiston prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Hududlarni rivojlantirish dasturi (tarmoq jadvali)da mavjudligi yoki yo‘qligi;
  • xususiylashtirish dasturlariga kirganligi, obyektdan kelgusida samarali foydalanish bo‘yicha vakolatli organning qarori mavjudligi;
  • obyektga nisbatan taqiq (cheklov)ning mavjudligi o‘rganiladi;
  • bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyekti joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechiriladi.

Hujjat loyihasi muhokamasi 28 iyungacha davom etadi.

Avvalroq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish soddalashtirilgani haqida yozgan edik.