Futbol bo‘yicha Osiyo kubogi-2023 saralashi doirasida Falastin milliy terma jamoasi Filippinni mag‘lub etdi. Bu esa O‘zbekiston MTJga so‘nggi turda Tailand bilan bahsdagi hisobidan qat’iy nazar Osiyo kubogiga yo‘llanmani taqdim etadi.

Osiyo kubogi-2023 saralash bosqichi reglamentiga ko‘ra, oltita guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar va eng yaxshi beshta ikkinchi o‘rin egasi musobaqa yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

4 ochkoga ega Filippin B guruhidagi so‘nggi tur o‘yinida Falastinga 0:4 hisobida yutqazib qo‘ydi. Guruhning ikkinchi bahsida esa hozircha 1 ochkoga ega Yaman hali ochko jamg‘armagan Mo‘g‘uliston bilan o‘ynaydi. Ushbu o‘yin natijasidan qat’i nazar endi ushbu guruhda 2-o‘rinni egallagan jamoa 4 ochkodan ko‘p jamg‘ara olmaydi. Shu tariqa bu guruhdagi eng yaxshi ikkinchi o‘rin egasi maksimum 4 ochko bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.

Natijada qolgan guruhlardagi 6 ochko to‘plagan jamoalar, jumladan, O‘zbekiston ham 3-tur oldidan muddatidan avval qit’a chempionatiga yo‘llanma olishdi — Iordaniya, O‘zbekiston, Tailand, Honkong, Hindiston, Bahrayn, Tojikiston, Qirg‘iziston.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi bahs 14 iyun kuni soat Namangandagi «Markaziy» stadionida 20:30 da start oladi.