Nemolchi.uz Telegram kanalida Toshkentda ikki nafar ichki ishlar xodimlari tomonidan bir nafar ayol kishi va bir nafar erkak kishi kaltaklangani haqida murojaat qilgani haqida ma’lumot berildi.

Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov.

Nemolchi.uz`da berilgan ma’lumotga ko‘ra, voqea 7 iyundan 8 iyunga o‘tar kechasi yuz bergan.

«Ikki nafar ichki ishlar xodimi Yuldashev Aziz va Qahramonov Nurabek meni va do‘stimni qattiq kaltaklab, burnimni sindirib, ko‘krak va qornimga tepishdi, jinsiy zo‘ravonlik bilan qo‘rqitib, so‘kishdi va haqorat qilishdi. Mening yigitimni esa hushidan ketish holatiga qadar kaltaklashdi: uning miyasi chayqalgan, qon quyilgan, ko‘plab gematomalari bor», deyiladi ma’lumotda.

Yoshlarning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar uy yaqinida hujjatlarni tekshirish uchun murojaat qilishgan, ular hujjatlarni taqdim etishganidan keyin ularni tekshirishgan. Lekin shunga qaramay baribir ichki ishlar bo‘limiga olib borishlarini aytishgan. Ayol hech qayoqqa bormasligini, bunga hech qanday asos yo‘qligini aytgan, lekin xodimlar ularning qo‘llarini qayirib, mashinaga o‘tkazishgan. Ayol hodisani telefonga suratga olgan, ammo xodimlar undan telefonlarni olib qo‘ygan va yozuvlarni o‘chirib tashlashgan. Ular Mirzo Ulug‘bek tumani IIBga olib kelingan, bazada tekshirilgan va qonunbuzarlik holatlari bo‘lmagani uchun qo‘yib yuborilgan.

Yoshlarning aytishlaricha, ichki ishlar xodimlari Yuldashev Aziz va Qahramonov Nurabek ularni qo‘yib yubormay, telefonlarini olib, boshqa joyga olib ketmoqchi bo‘lishgan. Ayol yana rad javobini berib, uyiga borishini aytgan. Bunga javoban xodimlardan biri uning qo‘lidan ushlab, sudrab mashinaga olib borgan, uni o‘sha yerga o‘tkazib, bor kuchi bilan yuziga musht tushirgan va burnini sindirgan. Erkak uni himoya qilishga uringan paytida xodimlar uning qo‘liga kishan solishgan va bir necha marta urib, uni ham mashinaga o‘tkazishgan.

Yo‘lda ayol ular qayerga ketayotganlarini so‘ragan, lekin xodimlar kulishib, jinsiy zo‘ravonlik bilan tahdid qilishgan.

«Erkak yana ayolni himoya qilishga uringanida xodimlar uni mashinada tayoq bilan kaltaklay boshlashgan. Erkak kishanlangani bois o‘zini himoya qila olmagan. Keyin uni mashinadan chiqarib, yerga sudrab olib tushishgan va bor kuchlari bilan kaltaklay boshlashgan. Ayol qo‘rquvdan qocha boshlaydi, biroq xodimlardan biri uning orqasidan yetib olib, uning ko‘kragi va qorin sohasiga tepadi, so‘ng uni mashinaga qamab qo‘yadi. U yordam so‘rash uchun ratsiyani olishga uringan paytida, xodim uni yana kaltaklay boshlaydi», — deya yozilgan loyihada.

Shundan so‘ng ularni 3-shahar ichki ishlar bo‘limiga olib kelishadi. Ayol kishida hayz ko‘rish davri bo‘lgani uchun oshqozoniga berilgan zarbadan so‘ng qon ketishi kuzatiladi, lekin unga bo‘limda yordam ham, suv ham berishmaganligi aytiladi. Avvaliga uning yolg‘iz o‘zini xonaga qamab qo‘yishadi, keyin esa mast erkaklar bilan, ehtimol, doimiy yashash joyi bo‘lmagan odamlar bilan, tor xonaga joylashtirishadi va o‘tirishga joy yo‘qligi uchun stul berishadi. Ayolning dorixonaga borish iltimosiga esa, xodim uni haqorat qilib, odobsiz shaklda unga rad javobini berib, tayoq bilan turtganligi aytiladi. Aytilishicha, ularning hibsga olingani haqida qarindoshlariga hech kim xabar bermagan va yoshlarning o‘zlariga ham ular bilan bog‘lanishga ruxsat berishmagan.

Ertasi kuni ertalab ayolning qarindoshlari tanishlari orqali uning qaysi bo‘limda ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘lishadi. Ular ichki ishlar bo‘limiga kelib, tasodifan ayolning va erkakning kaltaklagan holatda ekanini derazadan ko‘rishadi. Ayolning opasining so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchi qo‘rqib qolgan, uni nafaqat jismonan, balki ma’naviy jihatdan ham jarohatlashgan. Ular xodimlar ustidan ariza yozishgan va jarohatlarni suratga olishgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati Nemolchi.uz tahririyati so‘roviga ko‘ra, mazkur fakt bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotgani, xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan. «Shahar ichki ishlar boshqarmasi qat’iy va prinsipial ishlaydi: aybdorlar qonun doirasida to‘liq javobgarlikka tortiladi», deyiladi ma’lumotda.