Sirdaryoda o‘z farzandini pul evaziga sotishga uringanlikda gumon qilingan ayol qo‘lga olindi, deb xabar berdi Sirdaryo viloyati IIB matbuot xizmati.

Mazkur holat viloyat IIB, Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXX xodimlari tomonidan Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

1996 yilda Sirdaryo viloyati, Xovos tumanida tug‘ilgan fuqaro O.U o‘zining 2021 yil 3 iyun kuni tug‘ilgan farzandi O.Sh. ni “xaridor” fuqaro M.G.ga 15 000 AQSh dollariga sotgan vaqtda ushlandi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ayoldan kimyoviy ishlov berilgan pullar daliliy ashyo sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan O.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi), 3-qismi “a” bandi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda ayolga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayblanuvchi 8 yildan 12 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktabr oyida Toshkentda uch kunlik chaqalog‘ini 18 ming dollarga sotayotgan ayol 5 yilga qamalgandi.