Davlat xavfsizlik xizmati respublikaning to‘rtta hududda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘ydi, deb xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.

Samarqand viloyatidagi holatda hududni Navoiy viloyati bilan bog‘lovchi «Samarqand» muntazam YPX maskanida Ishtixon tumanida yashovchi (1982 y.t.) shaxs boshqaruvidagi «Nexia» to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Natijada mashinaning salon qismida 2 kg 27 gramm «opiy» moddasi borligi aniqlangan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Aniqlanishicha, u narkotik moddani Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelib, Xorazm viloyatiga olib ketayotgan bo‘lgan.

Boshqa bir holatda esa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ko‘p bosqichli tezkor tadbir o‘tkazildi.

Dastlab Samarqand shahridagi «Cho‘pon ota» YPX maskanida to‘xtatilgan avtomashinada bekobodlik 1982 va 1996 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaroning yonidan 984 gramm «gashish» moddasi topilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Bulung‘ur tumanidagi «Yuqori nuqta» YPX maskanida esa ularning sherigi qo‘lga tushgan. Bekobod shahrida yashovchi muqaddam 3 marta sudlangan 27 yoshli shaxsning «Nexia» mashinasida 989 gramm «gashish» moddasini olib ketayotgani aniqlangan.

Mazkur moddalarni Tojikistondan olib kelib, sotilishini yo‘lga qo‘ygan yana bir bekobodlik 1995 yilda tug‘ilgan guruh tashkilotchisi ham Samarqand viloyatida ushlangan.

Bundan tashqari, DXX Farg‘ona vodiysida ham xorijdan keltirilgan giyohvandlik vositalari realizatsiyasiga chek qo‘ydi.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yashovchi (1991 y.t.) muqaddam sudlangan fuqaro sotish uchun o‘zining tengdoshi andijonlik fuqaroga 1 kg 986 gramm «gashish» moddasini bergan vaqtida, ularning ikkalasi ham qo‘lga olingan.

Giyohvand moddalar qirg‘izistonlik fuqarodan 5 ming AQSh dollariga sotib olingan va aylanma yo‘llar orqali Quva tumaniga olib kelingani aytilmoqda.

Shuningdek, Beshariq tumanida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan shaxs tojikistonlik narkosavdogardan 5 ming AQSh dollariga 940 gramm «opiy»ni sotib olgan. Uni kontrabanda yo‘li bilan Qo‘qonga olib kelib, 1977 va 1979 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar xaridorga sotayotgan vaqtida ularning barchasi qo‘lga olingan.

Qo‘qon shahridagi boshqa bir holatda esa 1987 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs 826 dona «Regapen» va 80 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 2 ming AQSh dollariga sotayotgan paytida ushlangan.

Namanganda DXX va bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Namangan-Toshkent» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Neksiya» rusumli avtomashina Pop tumanidagi «Namangan» muntazam YPX maskanida to‘xtatilgan.

Avtomashina tekshirilganda poytaxtda yashaydigan 33 yoshli yo‘lovchi yonida 2237 dona «Regapen», 400 dona «Selofen» va 300 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.

Vositalar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik fuqaro tomonidan davlat chegarasidan aylanma yo‘llar orqali Uchqo‘rg‘on tumani hududiga o‘tkazib berilgan ushbu dori vositalari Toshkent shahrida sotilishi rejalashtirilgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.