7 iyun kuni soat taxminan 04:00 larda Toshkent shahridagi Bobur va Shota Rustaveli ko‘chalari kesishmasida YTH sodir bo‘ldi, oqibatda ikki kishi vafot etdi. Bu haqda chorshanba kuni kechqurun Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

«Matiz» avtomobili haydovchisi 1989 yilda tug‘ilgan B.A. tezlikni belgilangan me’yordan oshirishi natijasida rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan.

Buning oqibatida haydovchi hamda yo‘lovchi Z.K. (2000 y.t.) olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.