Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (ITKQV) hamda Islom taraqqiyot banki (ITB) Orolbo‘yi mintaqasidagi infratuzilmani boshqarish bo‘yicha qishloq aholisining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbusga start berdi. Bu haqda «Gazete.uz»ga BMTTD matbuot xizmati xabar berdi.

BMTTDning ushbu loyihasi Islom taraqqiyot banki (ITB) va OPEK (OPEC Fund) xalqaro rivojlanish fondi tomonidan moliyalashtiriladigan O‘zbekistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha yanada kengroq investitsiya loyihasining bir qismidir. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratildi. Mablag‘ Orolbo‘yi hududiga kiruvchi, jumladan, ekologik inqirozga ko‘proq moyil bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Buxoro viloyatlarini qamrab oladi.

BMTTDning yangi loyihasining umumiy maqsadi maqbul yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloq hududlarini rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda mahalliy hamjamiyatlarni, arxitektorlar, muhandislar, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatlarini kuchaytirishdan iborat.

Loyiha doirasida, shuningdek, iqtisodiy, operatsion va ekologik barqarorlikka qaratilgan barqaror rivojlanish jihatlariga javob beradigan takomillashtirilgan muhandislik loyihalari va bosh rejalarni ishlab chiqish uchun mahalliy arxitekturaviy loyihalash institutlari va hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalari vakillarini o‘qitish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, loyiha raqamlashtirish, innovatsion IT-yechimlarini, shu jumladan raqamli infratuzilma va qurilish, arxitekturaviy loyihalash va davlat xizmatlarini taqdim etish sohalari salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladigan axborot tizimlarini ishlab chiqish orqali, mahalliy boshqaruv mexanizmini kuchaytirish hamda qishloq joylarini rivojlantirish dasturlari va tashabbuslarini rejalashtirish va amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini mustahkamlash chora-tadbirlarini ko‘zda tutadi.

Umuman olganda, BMTTD tomonidan amalga oshiriladigan yangi loyiha hamjamiyatlarga qurilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan jamoalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali rivojlanish, ehtiyojlar ustuvorligini belgilash imkonini beradi.

Shuningdek, qurilish va arxitekturaviy rejalashtirishda yashil va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yangi zamonaviy talablarga javob beradigan va ayni paytda energiyadan oqilona foydalanish imkonini beruvchi infratuzilma obektlarini qurish imkonini beradi.

Suv va energiya tejamkor, yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, past GIP (global isish potensiali)ga ega bo‘lgan ozon uchun xavfsiz texnologiyalarni turli sohalarda/turli maqsadlar uchun muvozanatga rioya qilgan holda tatbiq etish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

«Ushbu loyiha Orolbo‘yi aholisining turmush faoliyatini yaxshilash va qishloq aholisi uchun resurslar va xizmatlardan munosib foydalanishni ta’minlashga qaratilgan aniq qarorlarni amalga oshirish borasida hukumat, Islom taraqqiyot banki va BMTTD sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi», — deya ta’kidlaydi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev shaharlarning bosh rejasi yo‘qligini tanqid qilgani haqida yozgandik. «Ochiq aytish kerak, shaharlarning bosh rejasini ishlab chiqishni davlat loyiha institutlari „monopoliya“ qilib olgan», — degandi u.