Toshkent shahridagi yashil qoplamalar maydoni, o‘tgan yilning yoz oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 26,84 foizni tashkil etgan. Bu haqda birinchi marta shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ma’lum qilgandi.

O‘zgidromet bosh direktori o‘rinbosari Ibrat Karimov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan yashillik bo‘yicha 3 foizlik ko‘rsatkich noto‘g‘ri. «O‘zgidromet» matbuot xizmati chorshanba kuni qayt etishicha, markaz mutaxassislari tomonidan tayyorlangan materiallarda texnik xatolik mavjud bo‘lgan.

Yashil qoplamaning maydoni qanday o‘lchanadi?

Toshkent shahar hokimligi Raqamli rivojlanish boshqarmasi avvalroq yashil qoplama hududi qanday aniqlanganini tushuntirgandi.

Boshqarmaning geografik axborot tizimlari bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Shermanovning ma’lum qilishicha, yashil qoplamaga shaharda o‘sayotgan barcha tirik daraxt, butalar va o‘t-o‘lanlar kiradi. Uning maydoni uchuvchi apparatlar yoki sun’iy yo‘ldoshlar yordamida o‘lchanadi.

«Avvaliga mutaxassislar shaharni maxsus fotoapparat yordamida suratga olishadi. Keyin ushbu fotosuratlar bitta xaritaga kiritiladi va kompyuterda qayta ishlanadi, natijada NDVI indeksi va yashil qoplamaning maydoni aniqlanadi», — dedi u.

NDVI (Normalized Difference Vegetation Index) so‘zma-so‘z «normallashtirilgan o‘simlik indeksi» deb tarjima qilinadi. Bu ma’lum bir hududdagi tirik o‘simliklar sonining ko‘rsatkichidir. Indeks ayerofotosurat paytida yashil maydonlarni boshqa qatlamlar turlaridan ajratishga yordam beradi. Masalan, binoni — gulli bog‘dan, tirik daraxtlarni — quriganidan yoki sun’iy maysani — haqiqiysidan ajratib turadi.

NDVI indeksini aniqlash uchun camolyotdan olingan fotosurat ishlatiladi. Shu bilan birga, nafaqat oddiy fotosuratlar, balki qizil va infraqizil nurda ham suratga olinadi. Shundan keyin mutaxassislar fotosuratlarni qayta ishlaydilar va NDVI indeksini maxsus formuladan foydalanib hisoblaydilar. Qurigan daraxtlar va o‘tlar bu usul yordamida ko‘rsatilmasligi sababli, uni bahor oxirida tasvirga tushirish afzalroq.

«Usulning ishlash prinsipi barcha tirik o‘simliklarda yashil pigment xlorofill mavjudligiga asoslanadi. U quyosh nurlarining yashil spektrini aks ettiradi, buning natijasida biz o‘simliklarni yashil rangda ko‘ramiz. Fotosintez jarayonida o‘simliklar yorug‘likning qizil spektrini o‘zlashtiradi, lekin o‘zida infraqizilga yaqin nurlarni aks ettiradi. Buning yordamida o‘simliklar karbonat angidridni o‘zlashtirib, kislorod chiqaradi va o‘sadi», — deya tushuntirdi departament vakili.

Yuqorida NDVI indeksining «toza» tasviri, unda faqat fotosintez qila oladigan yashil qoplama tasvirlangan. Quyida esa — yashil qoplama sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan birlashtirilgan: unda yo‘llar va binolar ham ko‘ringan.

NDVI Toshkentda

2021 yilning may oyida Toshkentda birinchi marta NDVI indeksi o‘lchab ko‘rildi. Shu orqali yashil qoplamaning maydoni aniqlandi va har bir fuqaroga — 36 kv. metrdan yashil maydon to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Bu ko‘rsatkichni o‘tgan yillar bilan solishtirib bo‘lmaydi, chunki bu turdagi ma’lumotlar yo‘q, deya ta’kidladi departament vakili.

Arxivlarda 2018 yilda shaharda har bir kishiga 60 kv. metr yashil maydon to‘g‘ri kelgani qayd etilgan, ammo bu raqamlar biror fakt bilan tasdiqlanmagan.

Bundan buyon NDVI indeksi har yili shaharning yashil zonasidagi o‘zgarishlarni qayd etish uchun o‘lchanadi. Hokimlik barcha hisob-kitoblarni jamoatchilikka e’lon qilishga va’da berdi.