O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining beshinchi yig‘ilishi 21−22 iyun kunlari tashkilotning Jenevadagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv JST tadbirlari taqvimiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, guruhning avvalgi, to‘rtinchi yig‘ilishi deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020 yilning iyul oyida onlayn tarzda o‘tkazilgan edi.

Fevral oyida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston tomonidan JST Kotibiyatiga mazkur yig‘ilishni o‘tkazish uchun taqdim qilingan yangi hujjatlar ustida ishlash jarayoni, shuningdek, mazmunga doir va tashkiliy xarakterdagi boshqa masalalar ko‘rib chiqildi. JST rahbariyati tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan hal etish uchun ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish tarafdori ekanini bildirdi.

Shundan so‘ng N.Okonjo-Iveala JST Kotibiyatining tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muzokaralar olib borishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatishni kengaytirishga tayyorligini bildirgan.

O‘zbekiston tomoni, o‘z navbatida, JSTga muddatidan oldin kirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi.