Ukrainaning Zakarpatya viloyatiga 6 iyun kuni O‘zbekistondan insonparvarlik yordami keldi, deya xabar qildi viloyat rahbari Viktor Mikita.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 tonnadan ortiq dori-darmonlar samolyot orqali Slovakiyadagi gumanitar markazga yetkazilgan, shundan so‘ng ular Zakarpatyaga yetkazilgan.

Viktor Mikitaning ta’kidlashicha, gap 12 nom 200 ming donadan ortiq miqdordagi antibiotik va vitaminlar haqida ketmoqda. Yordam qiymati 1 mln dollardan oshadi.

Gumanitar yordam jangovar hududlar va kasalxonalardagi harbiy shifokorlarga yuboriladi, deyiladi xabarda.

«Ko‘rsatgan yordami uchun o‘zbekistonlik do‘stlar, tadbirkorlar, ko‘ngillilar va shaxsan Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenkoga koordinatsiya va samarali gumanitar yo‘lak tashkil etgani uchun chin dildan minnatdorchilik bildiramiz», — dedi Zakarpatya rahbari.

Bu O‘zbekistondan Ukrainaga yuborilgan ikkinchi yukdir. Birinchi marta yordam — 34 tonnadan ortiq dori-darmon, individual dori-darmon qutilari va uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat aprel oyida yetkazildi.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda BMTning Termizdagi gumanitar markaz haqidagi hisobotida BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi u yerdan Afg‘onistonga 1000 tonna yordam jo‘natgani, so‘ngra yukning bir qismini Ukrainaga jo‘natayotgani aytilgan edi.