Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining «G‘o‘za biotexnologiyasi» laboratoriyasida och va to‘q qo‘ng‘ir, qizg‘ish, sarg‘ish, och yashil, to‘q yashil va boshqa rangdagi g‘o‘za navlari bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish nafaqat qishloq xo‘jaligi iqtisodiy samaradorligini, balki eksport salohiyatini ham oshirishga yordam beradi, degan fikrda Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Qayd etilishicha, XX asrning 50−60-yillarida tabiiy rangli tolali g‘o‘za navlarini madaniylashtirish ustida keng tadqiqotlar olib borilgan. Lekin kimyo sanoati rivojlanishi natijasida turli yuqori sifatli bo‘yoqlar yaratilib, bu turdagi paxtalarga bo‘lgan talab yo‘qolib ketgan.


To‘qimachilik sanoatida paxta tolalariga kimyoviy ishlov berish katta miqdorda suv, energiya, kimyoviy va boshqa tegishli resurslardan foydalanishni talab qiladi. So‘nggi yillarda dunyoda iste’molchilar talablarining o‘zgarishi sababli ekologik toza va organik to‘qimachilik ishlab chiqarish tendensiyasi kuzatilmoqda, deyiladi xabarda.

Tabiiy rangli paxta tolasiga ega g‘o‘za navlarining tola sifati birmuncha pastligiga qaramasdan ularning biotik va abiotik stresslarga, xususan, zararkunanda hasharotlarga, turli kasalliklarga, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamlilik xususiyatlari yuqori, deyiladi vazirlik bayonotida.


Shunga ko‘ra, ularni yetishtirishda atrof-muhitga zarar yetkazadigan pestitsidlar va insektitsidlarga (begona o‘tlar, hasharotlar zararkunandalari va o‘simlik parazitlariga qarshi kurashish uchun preparatlar) kamroq ehtiyoj seziladi. Bu esa o‘z navbatida organik paxta yetishtirish imkoniyatini oshiradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi shuningdek, tabiiy rangdagi paxta tolasi sifatining past ekanligi bois, asosiy tola sifati ko‘rsatkichlari, xususan tola uzunligi, pishiqligi va mikroneyrini yaxshilash (havo o‘tkazuvchanlik ko‘rsatkichi) hamda hosildorligini oshirish bo‘yicha seletsionerlar tomonidan ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.