Toshkent viloyatida yer maydonini noqonuniy tarzda sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament, DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, Yangiyo‘l tumanida fuqaro A.J. Sh. ning nomiga 40 sotix yer maydonini ajratish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishiga ishontirgan. U fuqaroga bu ishni o‘zining Kadastr agentligida ishlovchi tanishlari orqali amalga oshirishini aytgan.

Buning evaziga 29 ming AQSh dollari so‘rab, ushbu mablag‘ning 10 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahar IIBB xodimlari Yangihayot tumanidagi 1 gektar yerni 1 million dollarga sotishni va’da qilgan ikki nafar shaxsni qo‘lga olgani haqida yozgan edik.