6 iyun kuni Oliy Majlis konunchilik palatasida XDP fraksiya a’zolari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Qonun loyihasida, xususan, daraxt va butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlarini oshirish taklif qilinmoqda.

Xususan, bunday holatda fuqarolar BHMning 10 dan 15 baravarigacha (3−4,5 mln so‘m), mansabdor shaxslar uchun esa BHMning 20 baravarigacha (6 mln so‘m) jarima belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

«Fraksiya a’zolari tomonidan loyihadagi har bir norma atroflicha muhokama qilinib, bir qator takliflar berildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilganidek, e’lon qilingan moratoriyga qaramay, o‘simlik dunyosi obyektlariga nisbatan shaxslarning tajovuzkor harakatlari davom etmoqda. Bu esa jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘lyapti. Chunonchi, 2019 yilda 3733 ta, 2020 yilda 7812 ta, 2021 yilda 8243 ta daraxtni noqonuniy kesish faktlari aniqlangan.