DXX va IIB JQB xodimlari Samarqandda 5 sotix yerni 100 ming dollarga sotishga uringanlikda gumon qilingan fuqaroni ushlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Samarqand tumanida yashovchi, vaqtincha ishsiz X.S. mazkur tumandagi fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix yer maydonining 5 sotixini boshqa bir fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Xaridor esa trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fabrika qurishni maqsad qilgan.

Buning evaziga gumondor fuqarodan 100 ming dollar talab qilgan. U so‘ralgan pulning 70 ming dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahar IIBB xodimlari Yangihayot tumanidagi 1 gektar yerni 1 million dollarga sotishni va’da qilgan ikki nafar shaxsni qo‘lga olgani haqida xabar bergan edik. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 ming dollarga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga olgani haqida yozgan edik.