IIV Yo‘l patrul xizmati xodimlarini suratga olib internetda tarqatganlarni jazoga tortishga oid qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdi. 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi majlisida mazkur qonun loyihasi kun tartibidan chiqarib tashlandi. Biroq hujjatni boshqa partiyalar qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Ushbu hujjat yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi bo‘lib, birinchi o‘qishda fraksiya majlisida ko‘rib chiqilishi kerak edi.

Muhokama jarayoni boshlanishidan avval fraksiya a’zosi Firdavs Sharipov qonun loyihasining qator moddalarida jarimalar miqdorini oshirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilayotgani, ammo «buning sabablari asosli ochib berilmaganini» ta’kidladi.

Shuningdek, deputat boshqa omillarni keltirib, qonun loyihasini kun tartibidan chiqarib tashlashni taklif qildi.

«Jarimalar miqdori oshishi Xalq demokratik partiyasi g‘oyalariga zid ekani, ayniqsa, asosiy iste’mol mahsulotlarining narxi oshib borayotgan sharoitda jarimalar summasini ko‘paytirish masalasini muhokama qilish maqsadga muvofiq emasligi qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Qonun loyihasida oxirgi vaqtlarda keng jamoatchilik tomonidan faol muhokama qilinayotgan yo‘l harakati xodimlarini video va fototasvirga olib tarqatish masalasida ham katta miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ular o‘z xizmat burchlarini, ya’ni jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki xaqorat qilish maqsadida internet axborot tarmog‘ida joylashtirish BHMning 50 miqdorida jarima yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Majlisda mamlakatdagi katta ijtimoiy-siyosiy islohotlar ochiqlik, oshkoralik, xalq oldida hisobdorlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga asoslanayotgan davrda huquq-tartibot xodimlarining faoliyati foto va video tasvirlarga olinishi cheklanishi noto‘g‘ri yondashuv ekani aytildi. «Yuqoridagi omillarga asosan qonun loyihasini fraksiya majlisida ko‘rib chiqish rad etilgan», — deyiladi partiya xabarida.

E’tirozli taklif

Ichki ishlar vazirligi YPX xodimi suratini uning ruxsatisiz tarqatishni taqiqlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga qaroriga o‘zgartirish kiritishni taklif qilgandi. O‘shanda jamoatchilik muhokamasi 14 martdan 29 mart kunga qadar davom etgandi.

Mazkur o‘zgartishlarga prezidentining «Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022 yil 8 fevraldagi [PQ-118-son] qarori asos qilib olingan.

Biroq, prezidentning mazkur qarori hozirgacha, oradan 4 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsada, qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz sayti, Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram-kanali yoki O‘zbekiston axborot agentligida ham e’lon qilinmagan.

IIVning mazkur taklifi jamoatchilik tomonidan keskin kutib olindi. Jumladan, Davletovuz yozishicha, «bu yopiqlikka, orqaga tashlangan qadam». Bloger Nurbek Alimov esa bu bilan jamoatchilik nazorati yo‘qolishini ta’kidladi.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa mazkur holatga huquqiy nuqtai nazardan e’tibor qaratgandi.

«Bu yerda cheklov faqat qonun bilan bo‘lishi kerak, Vazirlar Mahkamasining bunga vakolati ham, huquqi ham yo‘q. Nahotki loyiha mualliflarining shunga aqli yetmagan?», — deydi u.

U shuningdek, quyidagicha savol bilan ham yuzlangan edi: «Yetar endi. Qachondir tugashi kerakku bunaqa ishlar. Hadeb orqaga qaytaveramizmi? Nahotki ichki ishlar tizimini xalqning haqiqiy madadkori va do‘stiga aylantirishning boshqa birorta yo‘li yo‘q bo‘lsa?».

Avvalroq, mazkur holatga Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham «xalqdan nimadir talab qilishdan avval inson o‘zi xalqqa namuna bo‘lishi kerak» deya munosabat bildirgandi. «Buni prezident topshirig‘i, deya talqin qilmoqda. Lekin bizningcha bu ko‘proq vazirlikning xohishi, balki Bekmurod Abdullayev janoblarining o‘zi istayapti… Albatta biz bu kabi demokratiyaga zid, jamoatchilik nazoratini cheklaydigan qonunlar qabul qilinishiga qarshimiz», — degandi u.

Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov mazkur taklif ishlab chiqilishidan oldinroq, taqiq bo‘lmasligini aytgandi. «Ushbu taklif ishlab chiqilgach, loyiha shaklida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, hamma bu borada o‘zining fikrini bildirishi mumkin bo‘ladi. Shunda ham to‘liq taqiq bo‘lmaydi, lekin qandaydir chegaralar qo‘yiladi», — degandi u.

Baribir qabul qilinishi mumkin

XDP fraksiyasi rad etgani bilan, boshqa partiyalar deputatlari ko‘pchilik prinsipi asosida mazkur taklifni qo‘llab yuborishi ehtimoldan holi emas.

Jurnalist Ilyos Safarovning quyi palata ichkarisidagi o‘z manbalariga tayanib yozishicha, yuqoridagi qonun loyihasini yalpi majlisda tasdiqdan o‘tishi va qabul qilinishi «Milliy tiklanish» partiyaning barcha deputalari, Ekopartiyaning esa teng yarmi yoqlagan.