30 may kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonning milliy immunizatsiya tizimini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston SSVga juda zarur bo‘lgan sovuq zanjirli uskunalar va kompyuterlarni sovg‘a qildi. Bu haqda YUNICYeF matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Umumiy qiymati 1,3 mln dollar bo‘lgan 671 ta sovutgich, 212 ta muzlatgich va 150 ta kompyuterni o‘z ichiga olgan ushbu uskuna O‘zbekistonning vaksinani funksional va samarali boshqaruvini tatbiq etish qobiliyatini oshiradi. Ushbu juda zarur jihoz butun mamlakat bo‘ylab birlamchi tibbiy yordam muassasalariga tarqatiladi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi doimiy hamkorlik COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda, aholining eng zaif qatlamlarini emlashda, shoshilinch ta’minot bilan ta’minlashda va iqtisodiyotni tiklashni kuchaytirishda hamda COVID-19`ning bo‘lajak to‘lqinlariga va boshqa kasalliklarning avj olishiga tayyorgarlik ko‘rish, ularning oldini olish, aniqlash va ularga javob berishda muhim ahamiyatga ega», — dedi USAID ma’muriyatining Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur.

Ushbu beg‘araz yordam USAID`ning COVID-19 bo‘yicha jami 16 mln dollarlik yirik xayriyasining bir qismidir. USAID o‘zining ijrochi hamkori YUNISEF orqali O‘zbekistondagi barcha bolalarni emlashni ta’minlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik qilmoqda. Vaksinalar va ularni saqlash hamda boshqarish uchun zarur bo‘lgan samarali sovuq zanjir texnologiyasi O‘zbekistonning COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash strategiyasining markaziy elementlari hisoblanadi.

«Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga yetib boruvchi funksional sovuq zanjir juda muhim», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. «Ushbu asbob-uskunalar O‘zbekiston xalqi o‘zining asosiy sog‘liqni saqlash xizmatlarini oladigan joyga boradi. Birlamchi tibbiy yordam darajasiga sarmoya kiritish odamlar va bolalar hayotini saqlab qoladigan vaksinalarga ega bo‘lish uchun juda muhim», — deya qo‘shimcha qildi u.

AQShning ushbu yordami COVID-19 vaksinasini emlash hamda 2022 yil sentabr oyiga rejalashtirilgan qizamiq va qizilchaga qarshi emlash kampaniyasiga hissa qo‘shadi. COVID-19`ning birinchi holati aniqlangandan beri AQSh hukumati O‘zbekistonga pandemiyaga qarshi kurash uchun 18 mln dollardan ortiq miqdorda yordam ko‘rsatdi. Bunga USAID mablag‘lari va Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) yordami hamda 7 mlndan ortiq vaksina kiradi.