Shanba kuni Oliy Majlis Senatining 26-yalpi majlisida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi, deb xabar qildi yuqori palata matbuot xizmati.

Qonun bevosita harakat hujjati sifatida ishlab chiqilgan va davlat davlat xizmatini har tomonlama huquqiy tartibga solishga qaratilgan. Bu faqat davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda faoliyatni amalga oshiradigan davlat xizmatchilariga tegishli.

«Bu — ancha yillardan beri kutilgan juda ham muhim qonun. Xalqimiz kutayotgan qonun», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonunda davlat xizmatchilarining maqomi, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek ish bilan ta’minlash tamoyillari va ushbu sohadagi korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish mexanizmlari belgilangan. Xalqqa xizmat qilish davlat xizmatining asosiy tamoyillaridan biri ekanligi qayd etildi.

Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatini tartibga solishda davlat organlarining asosiy vakolatlari belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli davlat organlarining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda. Davlat xizmati sohasidagi vakolatli organ Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hisoblanadi.

Agentlik xabariga ko‘ra, qonun bilan 200 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlaridagi 100 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatini tartibga soladi.

Hujjatda davlat xizmatiga nomzodlar mustaqil tanlov asosida yollanishi va ularning faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholanishi qat’iy belgilanmoqda. Davlat xizmatchilarining samaradorligi va vakolatini baholash mezonlari, ularning malakasini oshirish talablari belgilangan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmaydi.

Qonun davlat xizmati sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va manfaatlar to‘qnashuvlarining oldini olish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qayd etishicha, qonunda davlat organlarida korrupsiyaga qarshi choralarni amalga oshirish normalari, shuningdek davlat xizmatchilari uchun cheklovlar belgilangan.

Akmal Burxonov. Foto: Senat matbuot xizmati.

Belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi, o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda o‘z daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi, davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shartligi kabi majburiyatlar o‘rnatilmoqda.

Davlat xizmatidagi korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan alohida bobda davlat xizmatchilariga sovg‘alar olish va berish qoidalari, shuningdek korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining rotatsiyasi talablari kabi profilaktika mexanizmlari belgilangan.

«Tan olib aytish kerak, muqaddam davlat boshqaruvida bunday normalarning mavjud bo‘lmaganligi yoki qonun bilan tartibga solinmaganligi, davlat xizmati munosabatlarida tanish-bilishchilik, adolatsizlik va korrupsion xavflarni keltirib chiqarishiga hamda ayrim fuqarolarning davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchning kamayishiga sabab bo‘layotgan edi», — dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov.

Qonun prezident tomonidan imzolangan kundan uch oy o‘tib, kuchga kiradi.