Samarqand viloyati Samarqand tumani “Joyi Soy” mahallasida fuqaro F.X. o‘z uyining bir qismini buzib, uning o‘rnida 12 qavatli mehmonxonani (video) noqonuniy tarzda qurayotgani aniqlandi. Bu haqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bino 2 qavat yerto‘laga ham ega. “Ushbu qurilish uchun Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi va arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) mavjud emas”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari:

  • muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
  • belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
  • mehmonxona majmuasi obyekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (SHNQ 3.01.01−03`ning 2.4 bandi bajarilmagan);
  • qurilish obyektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
  • Shaharsozlik normalari va qoidalarining (3.01.01−03) 7.8, 9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan.

Yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsa-da, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng, loyiha hujjatlari “Konstant proyekt” MCHJ tomonidan to‘liqsiz ishlab chiqilgan.

“Triumf Proyekt” MCHJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan to‘liq bo‘lmagan loyiha hujjatlarida birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar ham mavjud emas. Shuningdek, Hukumat [15-son] qaroriga zid ravishda 2018 yil 24 martda ijobiy xulosa berilgan.

“Qurilish davomida hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan bir necha bor qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa-da fuqaro F.X. tamonidan ish o‘zboshimchalik bilan davom ettirilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Mehmonxona qurilishi obyekti bo‘yicha maxsus litsenziyaga ega SVP MASKAN MCHJ mutaxassislari tomonidan 2016 yilda binoning texnik holati o‘rganilib, rigel va temir beton ramalarni kuchaytirish uchun loyiha hujjatlari ishlab chiqish bo‘yicha xulosa berilgan. Ushbu kuchaytirish bo‘yicha tegishli loyiha ishlab chiqilmagan va ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan.

Samarqand viloyati Qurilishda hududiy nazorat inspeksiyasi rahbari Sa’dulla Ziyodullayevning ma’lum qilishicha, “ushbu qurilish 2012 yildan boshlab qurilgan”.

“Qurilish bo‘yicha bir necha bor tuman hokimligi, Qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan hujjatlashtirish to‘g‘risida ogohlantirishlar berilgan. Lekin ushbu ogohlantirishlarga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirilgan. Qurilish bo‘yicha hech qanday loyiha smetalari mavjud emas. Qurilish noqonuniy hisoblanadi. Xavflilik darajasi bo‘yicha „O‘zog‘irsanoatloyiha“ AJ xulosalarini oldik”, — deydi u.

“O‘zog‘irsanoatloyiha” AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, “O‘zog‘irsanoatloyiha"ning xulosasiga asosan bino talablarga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligi o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan, deyiladi Qurilish vazirligi ma’lumotida.

Vazirlikning matbuot kotibi Saidnosir Usmonovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, binoni buzish bo‘yicha yakuniy qaror sud tomonidan qabul qilinadi.