Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oyda korrupsiyaga oid islohotlar natijadorligi va aholining korrupsiyaga murosasizligini baholashga qaratilgan reyting baholash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu reyting baholash ishlari natijalariga ko‘ra, Andijon viloyatida barcha ko‘rsatkichlarda salbiy tendensiya kuzatilmoqda, deb xabar berdi agentlik matbuot xizmati.

Masalan, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir qilish bo‘yicha viloyat o‘tgan 3 oyda eng yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo‘yicha eng ko‘p murojaat qiladigan hududlar ichida Andijon respublikada 1-o‘rinni band etmoqda.

«Ushbu raqamlar ko‘rsatib turibdiki, Andijon viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak», — deyiladi xabarda.

Mazkur masala Antikorrupsiya agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva ishtirokida Andijon viloyat Korrupsiyaga qarshi hududiy kengashining 26 maydagi yig‘ilishida muhokama qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilda 22 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi sudga yuborilgan. Ular o‘zlashtirish, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish hamda pora olish kabi jinoyatlarni sodir qilgan. Mazkur jinoyatlarga qo‘l urganlarning 4 nafari viloyat hokimligi, 18 nafari tuman va shahar hokimliklarining xodimlari.

Shuningdek, 2021 yil yakunlari bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining reyting baholash natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati 9-o‘rinni egallagan.

«Bir oydan so‘ng 2022 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha hududlar xuddi shunday baholanadi va barcha natijalar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, Milliy kengash yig‘ilishida muhokama qilinadi. Lekin bu davrda ham viloyat hududiy Kengashi tomonidan ijobiy natija ko‘rsatish uchun arzirli amaliy ish yoki tashabbusni ko‘rmayapmiz», — dedi agentlik direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva.