Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) hamda O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi metan chiqindisini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdi. Bu haqda YeTTB matbuot xizmati xabar qildi. «Gazeta.uz» muxbirining aniqlik kiritishicha, kelishuv Buxoroda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha forum doirasida imzolangan.

O‘zbekiston 2030 yilgacha metan chiqindilarini 30 foizga kamaytirishga qaratilgan Metan bo‘yicha global majburiyatda (GMP) ishtirok etayotgan, issiqxona gazlari emissiyasi sur’ati yuqori bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu ahdnomaga qo‘shilgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi. YeTTB bilan hamkorlik GMP doirasida ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun muhim rejalashtirish vositasi hisoblanadi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mamlakatning energetika, qattiq maishiy chiqindilar va agrobiznes sohalarida keng qamrovli ichki chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirdi. Xususan, agrobiznes sohasidagi bunday faoliyat uchun yangi texnologiyalarni joriy etish va mamlakat fermerlar hamjamiyati bilan yaqindan ishlash lozim bo‘ladi.

«O‘zbekistonda metan gazi emissiyasi darajasini pasaytirish ikki tomonlama ta’sirga ega bo‘ladi, — dedi YeTTB prezidenti Odile Renaud-Basso. — Bu — Parij bitimi bo‘yicha muvofiqlashtirish yo‘lidagi muhim qadam va ayni vaqtda, iqtisodiy hamda ekologik jihatdan naf olish imkoniyatidir».

«Mazkur qadam O‘zbekiston uchun issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va Milliy miqyosdagi hissalar bo‘yicha belgilangan maqsadga erishishning juda qulay usuli bo‘ladi. Shunday ekan, bizning texnik va moliyaviy ko‘magimiz O‘zbekistonga atmosferaga chiqindilar emissiyasini 2030 yilga qadar tez sur’atlarda kamaytirishga yordam berishi kerak deb o‘ylayman», — dedi u.

Metan kuchli issiqxona gazi bo‘lib, u quyi sathda ozon qatlamining paydo bo‘lishiga olib keladi. Ozon gazi ham issiqxona gazlari turkumiga mansub bo‘lib, ayni vaqtda xavfli havo ifloslantiruvchisi hisoblanadi. Metan gazi axlatxonalarda, neft va tabiiy gaz tizimlari, qishloq xo‘jaligi faoliyati, ko‘mir qazib olish, yoqilg‘ilarni stasionar va ko‘chma yoqish ishlari, oqava suvlarni tozalash va ayrim sanoat jarayonlarida yuzaga keladi.

BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, metan gazi sanoat inqilobidan oldingi davrdan beri global isishning qariyb 30 foizini shakllantirgan. Shuningdek, uning tarqalishi bo‘yicha ma’lumotlarni qayd etish 1980 yillarda boshlangan bo‘lsa, mana shu o‘tgan davrda uning eng tez sur’atlarda tarqalishi aynan bizning davrimizga to‘g‘ri kelmoqda.