Huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida yaratilgan «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi tugatilganiga e’tibor qaratdi. Ushbu tizim bekor qilingani bo‘yicha mas’ul davlat idoralari hozirgacha izoh berishgani yo‘q. «Yoki izoh berildiyu, men ko‘rmay qoldimmi?», — deya savol qo‘yadi bloger.

Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil aprelda imzolagan «O‘zbekiston Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi farmon bilan prezidentning 2020 yil 30 oktabrdagi «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan «Sog‘lom turmush tarzi» (www.1hls.uz) platformasi faoliyati tugatildi.

«Yuz minglab fuqarolarga taalluqli loyiha bekor qilinar ekanu, lekin 1 yarim oydan buyon bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi lom-mim deb izoh bermas ekan, qoyil, mana ochiqligu, ana ochiqlik. Yoki izoh berildiyu, men ko‘rmay qoldimmi? Unda oldindan uzr», — deydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Piyoda yurganlarga pul berish tashabbusi shaxsan Shavkat Mirziyoyevga tegishli edi. Prezident bir necha bor yig‘ilishlarda ushbu tizim boshqa davlatlarda yo‘qligi, tizim o‘zini oqlayotgani, aholini shu orqali piyoda yurishga o‘rgatib, salomatlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga yechim topish mumkinligini ta’kidlagandi. Kimlarnidir ishlagisi kelmagani uchun, yoki aholiga berishga yiliga qanchadir mablag‘ topilmagani uchun prezident tashabbusi o‘z-o‘zidan, jamoatchilikka hech bir izoh va tushuntirish bermasdan bekor qilib yuborilaveradimi?», — deya ta’kidladi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 16 yanvardan boshlab kuniga 10 ming qadam yurganlarga 3 ming so‘m berish to‘xtatilib, yangi rag‘batlantirish tizimiga o‘tilish haqida ma’lum qilingan edi. Unga ko‘ra, 1hls.uz platformasi foydalanuvchilarini rag‘batlantirish uchun har hafta bitta 100 mln so‘m miqdorida pul mukofoti va mingta velosiped o‘ynalishi aytilgan edi.

O‘z navbatida, prezidentning 26 yanvardagi «Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2022 yilda «Sog‘lom turmush tarzi» platformasida foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularning sonini yanada oshirish hamda bu borada olib borilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.