Yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston Xitoyga 132,8 mln dollarlik tabiiy gaz yetkazib berdi, deb xabar bermoqda Xitoy bojxona boshqarmasiga tayanib Neftegaz.RU portali.

Ushbu yo‘nalishda gaz eksporti 2021 yilning shu davriga nisbatan ikki baravar ko‘paydi (jismoniy hajm ko‘rsatilmagan). O‘zbekiston Xitoyga quvurlar orqali gaz yetkazib berish bo‘yicha kuchli beshlikka kirdi. Turkmaniston esa xitoyliklarga quvurlar orqali gaz yetkazib berishda yetakchi bo‘lib qolmoqda — 4 oyda 2,87 mlrd dollarlik. Xitoyga gaz eksport qilishda ikkinchi o‘rinda 1,04 mlrd dollar bilan Rossiya bormoqda, mamlakat o‘tgan yilning shu davriga nisbatan gaz yetkazib berishni 2,7 barobarga oshirgan. Keyingi o‘rinlarda Myanma (408 mln dollar) va Qozog‘iston (270 mln dollar) bormoqda.

Xitoy dengiz orqali yetkazib beriladigan suyultirilgan gazni ham faol xarid qilmoqda. Bu yerda Rossiya 1,43 mln tonna yoqilg‘i bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi va buning uchun Xitoydan 1,32 mlrd dollar oldi.

Avstraliya Xitoyning suyultirilgan gaz importyorlari orasida yetakchilik qilmoqda — deyarli 7,5 mln tonna yoqilg‘ini 5,38 mlrd dollarga sotgan. Undan keyingi o‘rinlarda Qatar (5,48 mln tonna) va Malayziya (3 mln tonna) bormoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ham O‘zbekistonda gaz eksporti o‘sganini qayd etdi. Yil boshidan buyon eksport 229,5 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oylariga nisbatan qariyb uch barobar oshgan.

Shu bilan birga, yil boshida O‘zbekiston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda energiya resurslarining butun hajmi iste’molning mavsumiy o‘sishini qoplashga yo‘naltirilgandi.

2020 yildan boshlab Rossiya yo‘nalishi bo‘yicha gaz eksporti to‘xtatildi — o‘shanda O‘zbekiston eksportyordan import qiluvchi davlatga aylandi, keyinroq esa gaz importini soddalashtirish maqsadida hatto aksiz solig‘ini ham bekor qildi. Shu bilan birga, Xitoyga yetkazib berish sezilarli darajada oshdi.

Mart oyida energetika vaziri o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev tabiiy gaz qazib olish 20 foizga oshirilishi haqida ma’lum qilgan edi. Lekin u gazni ichki ehtiyojni qondirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mamlakat ichkarisida foydalanishni nazarda tutgan.

Avvalroq O‘zbekistonda energetika sohasi isloh qilinishi haqida yozgan edik.