21 mayga o‘tar kechasi Samarqand IIB Patrul-post xizmati xodimlari bir necha sayyohni, jumladan, Qozog‘istondan kelgan fuqaroni to‘xtatib, ularning yonida hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan elektroshokerlarni qo‘llagan holda majburan militsiya bo‘limiga shaxsni tasdiqlash uchun olib ketishdi.

Voqea tasvirlangan video, qolaversa, elektroshokerdan olingan jarohatlar aks etgan suratlar «Chyornыy spisok Tashkenta» Instagram-kanalida e’lon qilindi.

Jabrlanuvchining arizasi

Jabrlangan fuqarolardan birining (taxminan ayol kishi) arizasida, taxminan soat 3:30 lar atrofida turmush o‘rtog‘i va do‘stlari bilan «Toj Mahal» restorani yaqinida mehmonxonaga yetib olish uchun taksi kutayotganida ikki nafar ichki ishlar xodimi kelib, shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etishni so‘ragani qayd etilgan.

«Pasport va haydovchilik guvohnomalarini taqdim etganimizdan so‘ng, bizni bo‘limga borishimizni talab qilishdi. Sababini tushuntirishni so‘raganimizda esa xodimlar SHHT sammiti oldidan qo‘yilgan rejani bajarish zarurligini aytishdi. Biz hujjatlarni taqdim etdik, jamoat tartibini buzmadik, qonunga zid harakatlar qilmadik va mazkur sabab huquqiy asosga ega bo‘lmaganligi sababli biz bo‘limga borishdan bosh tortdik», — deyiladi unda.

Shundan so‘ng, xodimlar turistlarga komendantlik soati qoidalarini buzayotganini ro‘kach qilishgan. «Tegishli qarorni asos qilib ko‘rsatishlarini so‘raganimizda esa rad javobini oldik. Shundan so‘ng voqeani telefonga suratga olishga qarordik qildik. Shundan so‘ng qo‘pol ravishda suratga olishni to‘xtatishni talab qilishdi, undan keyin telefonlarni olib qo‘yishga urinishdi. Shundan keyingina militsiya xodimlari yordam chaqirishdi», — deydi shikoyatchi.

Ikkinchi patrul mashinasi yetib kelgach esa kuch ishlatish va avtomobilga o‘tirg‘izishga harakat boshlangan, bunga qarshilik ko‘rsatilganda esa elektroshokerdan foydalanishga o‘tilgan. Jami uch kishi — qozog‘istonlik bir nafar va o‘zbekistonlik ikki nafar fuqaroning qo‘l, oyoq, yelka va tanasining orqa qismlariga elektroshoker bilan zarba berilgani aytilmoqda.

«Turmush o‘rtog‘im va do‘stlarimning oldini olishga uringanimda meni qattiq itarib yuborishdi. Kuch ishlatish yo‘li bilan ikki kishini mashinaga tiqishga erishishdi. Shundan so‘ng, men va turmush o‘rtog‘im ham bo‘limga borishga majbur bo‘ldik», — deyiladi arizada.

Voqealar rivoji davomida sayyohlar ichki ishlar bo‘limiga olib borilgan va hujjatlari, shaxsiy buyumlari olib qo‘yilgan. «O‘zini mas’ul deb tanishtirgan xodimlardan biri bizni videolarni o‘chirishga va ishni murakkablashtirmaslikka ko‘ndirdi», — deb yozadi fuqaro. Bo‘limda xodimlar pasportlarni qayta va qayta tekshirishgach, 2 soat ushlab turib, keyin ketishga ruxsat berishgan.

Fuqarolarning tuman IIB boshlig‘ini chaqirish haqidagi talabi rad etilgan, shifoxonada esa jarohatlarni qayd etishni istashmagan. Shundan so‘ng ular, Samarqand prokuraturasiga borishgan va u yerda sud tibbiy ekspertizasini o‘tkazishga yo‘llanmani olishgan. Sud tibbiy ekspertizasi jarohatlarni qayd etib, «ularni tasdiqlovchi biror hujjatni taqdim etmagan, buni esa prokuraturaga o‘zlari yetkazib berish» bilan asoslashgan.

Keyin sayyohlarning o‘zlari jarohatlarni suratga olishganini aytib, mazkur voqea yuzasidan tergov o‘tkazishni so‘ragan.

Videodan nimani ko‘rish mumkin?

Video tasvirlarda ichki ishlar xodimi turistga mashinani ko‘rsatish «o‘tir» degan. Ayol kishi esa ularni pasportlari borligini aytgan. Xodim esa: «Hay, o‘tir» deb gapida davom etgan.

«Hammasi joyida-ku. Keling xotirjam taksini kutamiz va ketamiz», — deya xodimlarga gapirgan fuqarolardan biri. Ular ID-kartasi, haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarni ko‘rsatib, ularni tinch qo‘yishni so‘rashgan va «muammo nimada» deb so‘rashgan.

«Siz muammosiz, — deb o‘zbek tilida javob bergan xodimlardan biri. — Samarqand shahrida „Xavfsiz tun“ tadbiri. Soat 23:00 dan keyin yurish mumkin emas».

«Hozir soat nechchi», — deb so‘ragan xodim kech bo‘lib ketganiga ishora qilib.

Fuqarolar Tourist police`ni chaqirishni so‘ragan. Bundan tashqari, videoda Xodimlar esa ichki ishlar idorasiga olib borishini uqtirishgan. «O‘tir mashinaga, Tourist police`ni o‘sha yoqqa (bo‘limga — tahr.) chaqiraman», — degan xodimlardan biri.

Turistlar avvaliga o‘zini bosiq holda tutishgan va ketishga ruxsat berishlarini so‘rashgan, ularning ovozlaridan har bir gapida «aka» (brat) deb gapirganini eshitish mumkin.

Xodimlarning biri: «muammo yo‘q, shunchaki menda reja bor, aka», — degani eshitilgan.

O‘rtada yuzaga kelgan mojaro oqibatida ichki ishlar xodimlari elektroshoker qo‘llagan va majburan xizmat avtomobiliga olib borishgan. Fuqarolar esa hech qanday huquqbuzarlik qilmaganini iddao qilib, xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan. Videodan yana bir narsani anglash mumkinki, ichki ishlar xodimlar faqat o‘zbek tilida, turistlar esa rus tilida o‘zining haqligini isbotlashga uringan.

«Vakolatini suiiste’mol qilgan»

IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov mazkur voqea 20 maydan 21 may kuniga o‘tar kechasi Samarqand shahrida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

«Tungi xizmatga jalb etilgan Samarqand shahar IIB Patrul-post xizmati xodimlari, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida qo‘shni mamlakatdan respublikaga mehmonga kelgan sayyohlarni shaxsini tekshirish jarayonida qo‘pol munosabatda bo‘lib, xizmat vazifasini va maxsus-texnik vositalarni qo‘llash vakolatini suiiste’mol qilgan», — dedi u.

Hozirda mazkur holat yuzasidan IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani qo‘shimcha qilingan.

«Tekshiruv yakuniga ko‘ra, qonunchilikka zid harakat qilgan barcha xodimlarning hamda faoliyatga mas’ul rahbarlarining xizmatdan bo‘shatilishi va javobgarlik masalasi ko‘rib chiqiladi», — dedi Shoxruh G‘iyosov.

Nimadir qilish kerak

«Yangi O‘zbekiston»da militsiya xodimlarining fuqarolarga kuch ishlatishi va qo‘pollik qilishi, xodimlar tomonidan inson huquqlari buzilishi, hibsga olinganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari tobora ko‘proq uchrashda davom etmoqda. Misol uchun avvalroq, Samarqand va Namangan viloyatlarida ichki ishlar xodimlari fuqarolarni qasddan aybdor qilishga uringani, buning isboti esa video lavhalarda aks etgani haqida yozgan edik.

Rasmiylarning ishontirishlariga qaramasdan, militsiya xodimlari suhbatlarida va internetdagi mojaroli vaziyatlar tasvirlarida o‘zini oqlashda hibsga olish va jarimalar rejalari mavjudligi haqida gapirishmoqda. Ko‘pgina hodisalar faqat Internetda tarqalgachgina ma’lum bo‘layapti.

So‘nggi yillardagi islohotlarga va ushbu sohada shaffoflikni oshirishga urinishlarga qaramay, IIB xodimlari (ko‘p sonli vijdonli xodimlar bo‘lishiga qaramasdan) aholi tomonidan o‘zining huquqlari va erkinliklari himoyachisi sifatida qabul qilinmayapti. IIBlarda telefonlardan foydalanishga, militsiya xodimlari harakatlarini suratga olishga bo‘lgan taqiq va uni qonunni ro‘kach qilgan holda cheklashga urinishlar vaziyatni yaxshilashga emas, balki uni yanada salbiylashtirishga hissa qo‘shmoqda.

Muammoni hal qilish uchun uni ochiq tan olish kerak. O‘zbekistonda barchasi aslida ham «inson sha’ni va qadr-qimmati» yo‘lida qilinayaptimi va islohotlar to‘g‘ri yo‘ldan ketayaptimi degan savolni berish vaqti keldi.