Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xorijdagi keskin vaziyat tufayli va boshqa sabab bilan Vatanga qaytgan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash maqsadida prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Undan mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlash uchun ular bilan «mahallabay» ishlashdan tortib, Reintegratsiya markazlarini tashkil etishgacha bo‘lgan takliflar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, loyihada migrantlar uchun ishchi o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2023 yilga qadar xorijdan qaytgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (davlat tashkilotlaridan tashqari) har bir xodim uchun 6 oy davomida BHMning 1,5 baravari miqdorida har oy subsidiya beriladi.

Subsidiya uchun mablag‘lar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. Xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini ishga qabul qilgan tashkilotga subsidiya berishda Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.

Shu bilan birga, 2022 yil 1 iyuldan xorijda orttirgan mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan mehnat migrantlari uchun «50×50» dasturi, ya’ni 50 foiz o‘z mablag‘ini qo‘shganlarga quyidagi shartlarda subsidiyalar beriladi:

  • loyiha umumiy qiymatining 50 foizi miqdorida, lekin BHMning 150 baravaridan (40 mln 500 ming so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya;
  • ajratiladigan subsidiyalar har bir ishga qabul qilingan fuqaro uchun BHMning 30 baravaridan (8,1 mln so‘m) oshmasligi kerak;
  • subsidiya ajratishda Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi asos hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda zaxiraga qaytarilgan jami 20 ming gektar yer maydonlari sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga 0,20 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda yerni Vazirlar Mahkamasi [709-son] qarori asosida ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berilishi ta’minlanadi.

Bunda, «Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti qarorning 4-ilovasidagi baholash mezonida oxirgi 6 oy davomida xorijdan qaytgan mehnat migrantlari ro‘yxatida bo‘lgan talabgorlarni reyting ballarida inobatga olinadi.

Qolaversa, 2022 yilda kamida 50 ming nafar xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladi. Buning uchun respublika budjetidan Jamoat ishlari jamg‘armasining 2022 yildagi xarajatlari uchun qo‘shimcha 480 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bunda qaytib kelgan mehnat migrantlari:

  • ishlab chiqarish va uy-joy qurilishi obyektlarini, avtomobil yo‘llarini, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlariga;
  • sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi korxonalarga, jumladan tadbirkorlik subyektlariga;
  • qishloq ho‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash va qayta ishlash, hosilni yig‘ib-terib olish ishlariga jalb etiladi.

Eslatma: mazkur prezident qarori hali loyiha bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Takliflar esa 3 iyunga qadar qabul qilinadi.