FIFA World Cup Trophy Tour loyihasi doirasida O‘zbekistonga ikkinchi bor Jahon kubogi sovrini olib kelinadi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Qayd etilishicha, 21 noyabrdan 18 dekabrgacha o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha JCH — 2022 oldidan O‘zbekiston ushbu kubok sayohat qiladigan dunyoning 51 mamlakatidan biri bo‘ladi. Kubok taqdimoti 6 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda futbol bo‘yicha jahon chempionlari — Kristian Karambyo va Karles Puyol ishtirok etishi kutilmoqda.

«FIFA O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan muxlislar uchun futbol bo‘yicha Jahon kubogini ko‘rish imkoniyatini taqdim etish borasidagi o‘zaro hamkorlikdan mamnun. O‘FA ushbu tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi uchun bor imkoniyatini ishga soladi hamda FIFAga ishonch uchun minnatdorchilik bildiradi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga ilk bor Jahon kubogi 2018 yil 6 fevral kuni olib kelingan. O‘shanda kubok to‘qqiz oy davomida olti qit’adagi 91 shaharga olib borilib, 126 ming kilometr masofani bosib o‘tgan edi. Kubok Toshkentda bir kun bo‘lib, «O‘zbekiston» sport majmuasida ommaga namoyish etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Jahon kubogi Italiyaning oilaviy GDE Bertoni Srl kompaniyasi tomonidan 1974 yilgi chempionatga bag‘ishlab tayyorlangan bo‘lib, balandligi 36 sm, vazni 6,18 kg. Uning 5 kilogrami toza oltindan. Mukofotga faqatgina JCH g‘oliblari va davlatlar rahbarlari qo‘l tekkizish huquqiga ega.