Finlyandiya ortidan Shvetsiya ham NATO safiga kirish niyatida. Bu haqda mamlakatning hukmron sotsial-demokratik partiyasi bayonotida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Euronews.

NATOga kirmaslik Shvetsiyani zaif ahvolga solib qo‘yadi, deya bayonot berdi bosh vazir Magdalena Andersson.

«Bizning 200 yillik harbiy [harakatlarga] qo‘shilmaslik siyosatimiz Shvetsiyaga yaxshi xizmat qildi, ammo savol shundaki, kelajakda harbiy betaraflik bizga yaxshi xizmat qila oladimi?. Rossiyaning Ukrainaga sababsiz bostirib kirishi nafaqat noqonuniy va asossiz, balki Shvetsiya o‘z xavfsizligini ta’minlayotgan Yevropa xavfsizligi tartibini ham buzmoqda», — deya ta’kidladi u.

Shunga qaramasdan, agar ariza ma’qullansa, mamlakat o‘z hududida harbiy bazalar va yadro qurollarini joylashtirishdan bosh tortmoqchi.

Aynan sotsial-demokratlar Ukrainada urush boshlanganidan keyin ham uzoq vaqt davomida NATOga qo‘shilishga qarshi bo‘lgan, deb eslatmoqda BBC. A’zolik rejalari Finlyandiya Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo bo‘lish niyatini tasdiqlaganidan keyingina e’lon qilindi.

Amalda har ikki davlat uchun unchalik ko‘p narsa o‘zgarmaydi: Shvetsiya ham, Finlyandiya ham 1994 yilda NATOning rasmiy hamkorlariga aylangan, alyans armiyalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi va uning barcha texnik va institutsional talablariga rioya etadi. Asosiy o‘zgarish — Shimoliy Atlantika shartnomasining beshinchi moddasi bo‘lib, u ittifoqning bir davlatiga hujumni hammasiga qilingan hujum deb hisoblaydi.

Shu haftada ikki davlatdan rasmiy hujjatlar taqdim etilishi kutilmoqda. NATO ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirishga va’da berdi, biroq bu ham bir necha oy davom etishi mumkin, chunki a’zolik kelishuvlari NATOning 30 ta davlati tomonidan milliy darajada tasdiqlanishi kerak.