Jahon banki tahlilchilarining ta’kidlashicha, Rossiyadan pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari daromadlariga tahdid soladi va rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlariga (jumladan, SWIFT) ishonchini pasaytirishi mumkin. Bu haqda Kommersant`ga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Xususan, Jahon banki 2022 yilda Yevropa va Markaziy Osiyoning past va o‘rta daromadli mamlakatlariga pul oqimlari 2021 yilda 7,8 foizga o‘sishdan keyin 1,6 foizga qisqarishini taxmin qilmoqda.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Ukrainadagi inqiroz O‘zbekistonda pul o‘tkazmalarining 21 foizga, Qirg‘izistonda 32 foizga, Tojikistonda 22 foizga va Armanistonda 19 foizga qisqarishiga olib keladi.

Ayniqsa, yalpi ichki mahsulotdagi tashqi pul o‘tkazmalarining ulushi bo‘yicha dunyoda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni egallagan Tojikiston va Qirg‘iziston (mos ravishda 34 va 33 foiz) zarar ko‘radi.

Jahon bankining prognozi bo‘yicha 2022 yilda Rossiya yalpi ichki mahsuloti 11 foizga tushishi va rublning dollarga nisbatan 26 foizga qadrsizlanishi migrantlarning bandligi va daromadlarini kamaytirishi mumkin, bu esa MDHda qashshoqlik muammosini yanada kuchaytiradi.

Tahlilchilar, shuningdek, Rossiyaning SWIFT tizimidan uzilishi xalqaro to‘lov tizimlariga bo‘lgan ishonchni pasaytirishi va bir qator davlatlar o‘z tizimlarini ishlab chiqishga urinishlariga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi, bu esa, o‘z navbatida, o‘zaro hamkorlikni ta’minlashdagi taraqqiyotni sekinlashtiradi, xizmatlar narxini oshirib, pul o‘tkazmalari va moliyaviy shaffoflik uchun ko‘p yillik kurash natijalarini tenglashtirishi mumkin.

Jahon bankining ma’lumotiga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun pul o‘tkazmalari narxini ikki baravarga kamaytirish (2021 yilning to‘rtinchi choragidagi 200 dollar jo‘natish uchun 6 foizdan 3 foizgacha) va KNOMAD doirasida pul o‘tkazmalari oqimi to‘g‘risidagi ma’lumotlar sifatini oshirish zarur.

Biroq, Rossiyaning xalqaro to‘lov tizimlaridan uzilishi MDH mamlakatlarida pul o‘tkazmalari bo‘yicha batafsil ma’lumot yo‘qligi sababli tartibga solinmagan pul oqimlarini kuzatishda qiyinchiliklarga olib keladi.

Jahon banki, shuningdek, sanksiyalar rasmiy kanallar orqali (nafaqat MDHda) pul o‘tkazmalari tizimini buzishi va butun dunyo bo‘ylab norasmiy pul o‘tkazmalari kanallariga qisman o‘tishga olib kelishi mumkinligini ham istisno etmaydi.

Avvalroq, mart oyining birinchi yarmida Rossiyadan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygani haqida yozgan edik.

SWIFT xalqaro tizim bo‘lib, moliyaviy institutlarga tranzaksiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni xavfsiz, standartlashtirilgan va ishonchli shaklda elektron aloqa orqali yuborish va olish imkonini beradi. 2014 yildan beri Rossiyada muqobil — o‘zining moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi mavjud. Unga 400 ta moliyaviy tashkilotlar va bir qancha xorijiy firmalar ulangan (SWIFT tizimiga 11 mingdan ortiq ulangan).