O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 may kuni Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari 13 may kuni uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etgan BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon vafoti munosabati bilan ta’ziya marosimida ishtirok etadi.

«Tashrif doirasida kuni kecha BAA Oliy kengashi tomonidan mamlakat prezidenti etib saylangan Abu Dabi amiri Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish ham rejalashtirilgan», — deyiladi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, 2004 yildan buyon BAAni boshqarib kelayotgan Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon 13 may kuni 73 yoshida vafot etdi. 14 may kuni esa BAAning Federal Oliy kengashi valiahd, shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti etib sayladi.

Yangi saylangan prezidentga Shavkat Mirziyoyev kecha tabrik xati yo‘llagan edi.