O‘zgidromet shanba kuni ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi, yakshanba kuni esa havo quruq va kam bulutli bo‘lishini ma’lum qildi.

Bugun, 13 may kuni O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo massalari kirib keladi. Ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Momaqaldiroq paytida shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Kunduzi harorat +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.

14 may kuni respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida momaqaldiroqli qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va shiddatli shamollar bilan ob-havoning beqarorligi saqlanib turadi. Yomg‘ir yog‘ganda kunduzi havo harorati +20…+23 darajagacha pasayadi, bu may oyining o‘rtalari uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 3−4 darajaga pastdir.

13−14 may kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir kuchli yog‘adi, sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi ehtimoli bor.

15 may yakshanba kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduz kuni havo harorati +25…28 darajagacha ko‘tariladi.